O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning farg‘onalik saylovchilar bilan uchrashuvida Qo‘qon shahridagi buyum bozorida sodir bo‘lgan yong‘in haqida to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar qildi.

“Bir masalaga alohida to‘xtalib o‘tsam. Shu haftada Qo‘qondagi buyum bozorida sodir bo‘lgan yong‘in yuzlab tadbirkorlarimizga zarar yetkazdi. Qo‘qonlik tadbirkorlarimiz xotirjam bo‘lsin, biz hech kimni o‘z holiga tashlab qo‘ymaymiz! Bu bozor uzog‘i bilan bir oyda to‘liq tiklab beriladi, bunga barcha kuch va vositalarni safarbar qilamiz. Kim qaysi do‘konda faoliyat yuritgan bo‘lsa, o‘sha yerda tadbirkorligini davom ettiradi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uning qayd etishicha, yong‘indan zarar ko‘rgan barcha tadbirkorlarning kredit va soliq to‘lovlari muddati kechiktiriladi. Ularning qaytadan “oyoqqa turib olishlari” uchun aylanma mablag‘ uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi. Yong‘in oqibatida bozorga tutash hududlarda zarar ko‘rgan aholi xonadonlari to‘liq ta’mirlab beriladi.

“Umuman, yetakchi loyiha tashkilotlarini jalb qilib, bozorlarni zamonaviy, qulay, barcha xavfsizlik talablariga javob beradigan savdo komplekslariga aylantirish bo‘yicha katta dastur qabul qilamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, Qo‘qon shahridagi “Buyuk Ipak yo‘li” bozorida yuz bergan hodisa soat 12-iyun kuni soat 19:17 da boshlangan, soat 19:25 da birinchi bo‘linmalar yetib borgan vaqtda savdo komplekclari ochiq alanga bilan yonayotgani aniqlangan. Yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari tomonidan ko‘rilgan harakatlar natijasida hudud 20:25 da qurshab olingan.

Soat 23:12 da vazirlik yong‘inni o‘chirish jarayoni aks etgan lavhalarni e’lon qildi. Bu paytda mahalliy Telegram kanallar yong‘in hali to‘liq o‘chirilmagani haqida xabar berdi. Soat 23:30 ga kelib, hodisa bartaraf etilgan.

Kun.uz muxbirining voqea joyidan xabar berishicha, yuzdan ortiq tadbirkorning mol-mulklariga zarar yetgan. “Ichkarida 150−200 million so‘mlik mahsulotlarimiz bor edi, faqat 2−3 qop yukimizni olishga ulgurdik. Qolgani yonib ketdi, qo‘limizdan hech narsa kelmadi”, — deydi savdogarlardan biri.

Bosh prokuratura matbuot xizmati mazkur yong‘in bo‘yicha Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirdi. Viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Viloyat hokimligi matbuot kotibi Dilmurod Jumaboyevning so‘zlariga ko‘ra, qurilish ishlari 15 kunda yakunlanadi. Buning uchun yetarli quruvchilar jalb etilib, vaziyat nazoratga olinadi.

“Qurilish ishlari uchun tadbirkorlardan hech qanday mablag‘ olinmaydi. Barcha ishlar bozor ma’muriyati hisobidan qilinadi, buning uchun ma’muriyatga yetarli bank krediti taqdim etiladigan bo‘ldi. Hozirda zarar miqdorini aniqlash ishlari ketyapti”, — dedi u.