“Ipotekabank”ning O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tegishli aksiyalardan 75 foizi Vengriya kompaniyasi hisoblangan OTP Bank`ga sotildi. Bankning qolgan 25 foiz aksiyasi 3 yillik muddatda sotib olinadi. Bu haqda bank rasmiy sahifasida xabar berildi.

OTP Bank 2020-yil oxiridan beri O‘zbekiston hukumati bilan mamlakat bank sektorini xususiylashtirishda ishtirok etish imkoniyatlari bo‘yicha muzokaralar olib borayotgandi. Bankning O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi 2020-yilning iyulidayoq ma’lum bo‘lgan edi. Bu haqda Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyartoning Toshkentga tashrifi chog‘ida so‘z ochilgan edi.

2022-yilning aprelida esa OTP Bank banki O‘zbekistondan bitimni kechiktirishni so‘ragandi va kechikishga Ukrainadagi urush sabab qilib keltirilgandi.

2022-yilning dekabr oyiga kelib Toshkentda bankning O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tegishli aksiyalarining 100 foizi (umumiy bank aksiyalardagi ulushi taxminan 98 foiz) OTP Bank tomonidan sotib olinishi yuzasidan oldi-sotdi shartnomasi imzolangandi.

Bugun moliyaviy amaliyot muvaffaqiyatli yakunlangan va OTP Bank “Ipotekabank”ning qonuniy nazorat organiga aylangan. Natijada, OTP Bank “Ipotekabank”ning 73,41 foiz egaligi bilan asosiy aksiyadoriga hamda bilvosita bankka tegishli moliyaviy lizing bilan shug‘ullanuvchi “Ipoteka lizing” va sug‘urta xizmatlarini taklif qiluvchi “Imkon-Sug‘urta” jamiyatlarining egasiga aylangan.

““Ipotekabank”ning mahalliy tajribasi va OTP Group`ning 11 mamlakatdagi 23 dan ortiq banklarni sotib olishda to‘plagan bilimlarini bog‘lash orqali “Ipotekabank” mavqe’i yanada mustahkamlanishiga qat’iy ishonamiz”, — degan OTP bank Boshqaruv raisi va bosh direktori Shandor Chan’i.

“Ipotekabank” mijozlaridan ushbu (egalik huquqini o‘tkazish bilan bog‘liq) bitim hech qanday harakatlarni amalga oshirishni talab etmaydi va ularga integratsiya jarayonlari bilan bog‘liq o‘zgarishlar haqida o‘z vaqtida ma’lumotlar taqdim etiladi.

Ma’lumot o‘rnida, “Ipotekabank” aktivlari bo‘yicha bank bozorining 7,6 foiz ulushiga hamda 1,5 millionga yaqin chakana mijozlarga ega hisoblanadi. Bank aktivlari hajmi bo‘yicha O‘zbekistonning beshinchi yillik banki sanaladi.

OTP Group esa Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropaning 12 mamlakatida 41 mingdan ortiq xodimga ega va 17,5 milliondan ortiq mijozlarga universal moliyaviy xizmatlar ko‘rsatadi. Moliyaviy birlashma 2000-yildan boshlab 23 ta bankni sotib olgan va birlashtirgan. OTP Group bosh offisi Vengriyada joylashgan bo‘lib, 1995-yildan beri Budapesht fond birjasida ro‘yxatga olingan.