Dam olish kunlari O‘zbekistonning katta qismida havo ochiq bo‘ladi

Shanba kuni faqat Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, ba’zi viloyatlarda shamol tezligi kuchayishi kutilmoqda. 21-mayda O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo ochiq va quyoshli bo‘ladi. Kunduzgi harorat ko‘tarilib, +31…+33 darajani tashkil etadi.

Prezident saylovini o‘tkazish uchun 174,1 mlrd so‘m ajratildi

Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar smetasini 174 mlrd 130 mln so‘m etib tasdiqladi. Siyosiy partiyalarga jami 19 mlrd 655 mln so‘m, har bir nomzodga esa 4 mlrd 914 mln so‘mdan ajratiladi.

Shavkat Mirziyoyev jami 3,3 mlrd dollarlik 15 ta loyihani ishga tushirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, 3,3 mlrd dollarlik 15 ta loyihani — avtomobil va elektromobillar, metall mahsulotlari, tibbiy buyumlar ishlab chiqarish va boshqa quvvatlarni ishga tushirdi va yangi korxonalar qurilishiga start berdi. Shuningdek, u Xitoy biznesi vakillari bilan ham uchrashdi.

O‘zbekiston hukumatining kambag‘allikni qisqartirishdagi 4 ta asosiy yo‘nalishi ma’lum qilindi

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov hukumatning kambag‘allikka qarshi kurashishdagi asosiy yo‘nalishlarini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, qishloq xo‘jaligini isloh qilish, qishloqlarda tadbirkorlikni yaxshilash, infrastrukturani rivojlantirish hamda urbanizatsiyani qo‘llab-quvvatlash ustuvor yo‘nalishlar hisoblanadi.

Sud Bosh prokuraturadan Tajimuratovning qiynoqlar haqidagi bayonotini tekshirishni so‘radi

Qoraqalpog‘iston voqealari bo‘yicha apellyatsiya sudida asosiy figurant Dauletmurat Tajimuratov suddan Xorazm huquq-tartibot idoralaridan “Nukusda Ichki ishlar vazirligida qiynoqlar bo‘lganmi yoki yo‘q?” savoliga javob olishni so‘radi. Sud Bosh prokuraturaga ichki ekspertiza o‘tkazish uchun xat yubordi.

Samarqandda ko‘rish qobiliyati past o‘quvchi avtobus urib ketishi oqibatida vafot etdi

Samarqand shahrida “Nurli maskan” maktabining 19 yoshli o‘quvchisi Isuzu avtobusi urib ketishi sababli oradan 2 kun o‘tib, shifoxonada vafot etdi. Uni urib yuborgan avtobus haydovchisi 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

KfW O‘zbekiston budjetini qo‘llab-quvvatlash uchun 500 mln yevro kredit ajratishi mumkin

Germaniyaning KfW banki O‘zbekiston budjetini qo‘llab-quvvatlash uchun 500 mln yevro ajratishi mumkin, dedi Mangold Consulting kompaniyasi rahbari Kristof Mangold iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev bilan uchrashuvda.

“Markaziy Osiyoda energetik infratuzilmaning rivojlanishi sanoatlashuv va demografik o‘sishdan ortda qolmoqda” — O‘zbekiston prezidenti

O‘zbekiston prezidenti “Markaziy Osiyo-Xitoy” sammitidagi nutqida 6 davlatning milliy rivojlanish strategiyasini bog‘lash, “yangi iqtisodiy muloqot”ni shakllantirish, o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish va mintaqa davlatlarining 2030-yilga borib Xitoy bilan tovar ayirboshlash hajmini 2 baravar oshirishni taklif qildi.

Toshkentda ayrim avtobuslarning harakati o‘zgaradi

1-iyundan boshlab poytaxtda 50, 103, 105, 110-avtobus yo‘nalishlarining grafigi o‘zgaradi. Shuningdek, 19-maydan 119-sonli avtobus yo‘nalishida endi o‘ta katta sig‘imli, “King Long” rusumli avtobuslar harakatlana boshlaydi.

Diniy qo‘mita O‘zbekistonda materiallari tarqatilishi taqiqlangan sahifalar ro‘yxatini e’lon qildi

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ekstremizm va terrorizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan deb topilgan va O‘zbekistonga olib kirish, tayyorlash, tarqatish va namoyish etish taqiqlangan Telegram, YouTube kanallar, Facebook, Instagram, TikTok sahifalar, saytlar, kitoblar va nashidalar ro‘yxatini e’lon qildi.

O‘zbekistonda YeTTB mablag‘lari asosida 15 ta maktab quriladi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan Namangan hamda Farg‘ona viloyatlarida 15 ta maktab qurish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Loyihaning kapital qiymati 55−75 mln dollarni tashkil etadi.

“Gazeta.uz”da e’lon qilingan maqolalar:

O‘zbekistonda deputatlarni saylashning yangi tizimiga o‘tish rejalashtirilmoqda. Bu qanday bo‘ladi?

O‘zbekiston Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga deputatlarni saylashning majoritar-proporsional (aralash) tizimiga o‘tmoqda. Bu qanday tizim? Mazkur qarorga nima asos bo‘ldi? Bu o‘zgarishlar nimaga olib keladi? “Gazeta.uz” shu mavzuda siyosatshunos Farhod Tolipov bilan suhbatlashdi.

“Yo‘lbarsyurak”. To‘rt farzandni yolg‘iz tarbiyalayotgan qoraqalpoq ayoli hikoyasi

U mo‘ynoqlik. Mehnatkash. Ulkan sabr-toqat sohibi. To‘rt bolaning onasi. Endi kichik biznes egasi ham — UNFPA’ning treningida qatnashgach, o‘z uyida xostel faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. “Gazeta.uz” Muhabbat Sekerbayevaning hayotiy hikoyasini taqdim etadi.