“Tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi hisoblangan Korzinka supermarketlar tarmog‘i (“Anglesey Food” MCHJ XKga qarashli) kassalarida bank kartalaridan naqd pul yechish xizmati yo‘lga qo‘yildi. Bu haqdagi ma’lumot “Tartibga solish qumdoni” ro‘yxatiga kiritildi, deya xabar qildi Markaziy bank matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Korzinka kassalari orqali bank kartalari saqlovchilariga naqd pul berishning vaqtinchalik tartibi 28-aprel kuni tasdiqlangan. Sinov 1-maydan joriy yil 1-noyabriga qadar davom etadi.

“Sinovdan o‘tkazish natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar qo‘shimcha e’lon qilinadi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, may oyi boshida Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov Korzinka`da virtual kassada tajriba allaqachon o‘tkazilgani, o‘sha vaqtda mazkur tizim bo‘yicha regulyatorning me’yoriy-huquqiy hujjati Adliya vazirligida ko‘rib chiqilayotganini bildirgan edi. Mart oyida esa naqd pul olish uchun vositachilik haqi 0,5 — 0,8% miqdorida (bankomatlarda — 1 foiz) belgilanishi rejalashtirilayotgani xabar qilingandi.

Ma’lumot uchun, prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 9-noyabrdagi farmoni bilan 1-yanvardan O‘zbekistonda “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi joriy etildi. Unga ko‘ra, maxsus huquqiy rejim doirasida tadbirkorlik subyektlariga yangi mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqish, aprobatsiya qilish va joriy qilish yo‘nalishlaridagi faoliyatini cheklangan vaqt, hudud va shaxslar doirasida maxsus tartibga solish orqali ayrim qonunchilik hujjatlari normalariga amal qilmaslik, shuningdek, litsenziyasiz va ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tmasdan faoliyatni amalga oshirishga ruxsat berildi.