O‘zbekistonda hafta davomida harorat pasayib boradi

1−5-may kunlari Qozog‘istondan O‘zbekistonga nisbatan kuchsiz salqin havo oqimi kirib kelishi hisobiga harorat biroz pasayadi. Kunduzi harorat +25…+30 daraja atrofida bo‘lib, ayrim kunlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Referendumda qatnashganlarning 90,21 foizi yangi tahrirdagi Konstitutsiyani yoqlab ovoz berdi

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan referendumda saylovchilarning 84,54 foizi ishtirok etdi, dedi MSK raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev. Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishni yoqlab saylovchilarning 90,21 foizi ovoz berdi, 9,35 foizi qarshi chiqdi.

MSK 3 ta referendum uchastkasida ovoz berish yakunlarini haqiqiy emas deb topdi

Markaziy saylov komissiyasi referendum jarayonida qonunbuzarlik kuzatilgan Sirdaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan 3 ta referendum uchastkasidagi ovoz berish yakunlarini haqiqiy emas deb topdi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya 1-maydan kuchga kirdi

O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahriri 1-maydan kuchga kirdi. U 6 bo‘lim, 27 bob va 155 ta moddadan iborat bo‘ladi.

Prezident davlat qarzi to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

Prezident imzolagan “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, bu ko‘rsatkichning maksimal miqdori YAIMga nisbatan 60% etib belgilandi. Uni samarali boshqarish uchun 3 yillik strategiya tasdiqlanadi. 2023-yil 1-yanvar holatiga, davlat qarzi 29,2 mlrd dollarga (YAIMga nisbatan 36,4 foiz) yetgan.

Toshkentda ikkita “garmoshka” avtobusning gaz ballonlari daraxtga tegib, qoplamasi chiqib ketdi

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida jamoat transportiga ajratilgan yo‘lda harakatlangan 2 yangi “gormoshka” avtobusining gaz ballonni himoyalab turuvchi qoplamasi daraxtga urilib, qo‘porilib tushdi. “Toshshahartransxizmat” obodonlashtirish boshqarmasiga murojaat qilib, kamchilikni bartaraf etganini ma’lum qildi.

Keshbeklardan foydalansa bo‘ladi — Fatvo markazi

Ijtimoiy tarmoqlarda ishlatilgan mablag‘ning ma’lum qismi qaytarib berilishi, ya’ni keshbek olish Islom diniga zidligi borasida video tarqalgandi. Fatvo markazi bunday xulosani rad etib, ulardan foydalanish mumkinligini bildirdi.

Turfirma yoki agentliklar tashkil etayotgan haj tadbirlari noqonuniy — Diniy qo‘mita

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tarmoqlarda hajga jo‘natishga oid asossiz ma’lumotlar tarqatayotgan turfirmalardan ogohlantirdi. Bu vazifa qo‘mita va Musulmonlar idorasi zimmasiga yuklangani eslatildi. Noqonuniy safarlar uchun Saudiya Arabistonidan deport qilish va 10 yilga kirishni taqiqlash jazosi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston BMTning Rossiya tajovuzkorligi qayd etilgan rezolyutsiyasiga ovoz berishda betaraf qoldi

BMT Bosh assambleyasining Yevropa kengashi bilan hamkorligi to‘g‘risidagi rezolyutsiya 122 ta ovoz bilan qabul qilindi, unda Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligi tilga olingan. Qozog‘iston, Xitoy va Turkiya rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatladi, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston betaraf qoldi.

O‘zbekistonda aprel oyida inflyatsiya 0,8 foizni tashkil etdi

Aprel oyida oziq-ovqat mahsulotlari 1,2 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,5 foizga, xizmatlar 0,5 foizga qimmatlashdi. Mahsulotlar orasida pomidor narxi 21,3 foizga, guruch 14,1 foizga, sabzi 13,2 foizga va shakar 10,5 foizga oshdi.

1-maydan BHM 330 ming so‘m etib belgilandi

O‘zbekistonda 1-maydan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 980 000 so‘m, bazaviy hisoblash miqdori 330 000 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 7 foizga oshirildi.

“Gazeta.uz”da e’lon qilingan fotoreportaj:

Foto: Referendumga borgan keksalar, bolalar va kelin-kuyovlar

O‘zbekistonda 30-aprel kuni yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga ovoz berish bo‘yicha umumxalq referendumi bo‘lib o‘tdi. “Gazeta.uz” ovoz berish jarayonida qatnashgan keksalar, bolalar va kelin-kuyovlar suratlarini jamladi.