O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov shanba kuni Toshkentga katta va juda katta sig‘imli yangi avtobuslarni qabul qilish marosimida so‘zlagan nutqida prezident Shavkat Mirziyoyevning 1000 ta avtobus sotib olish haqidagi “kuchli, siyosiy qarori”ni qayd etdi.

“Hamma shahar ham qila olmaydi”

Dunyoning hamma shahri ham bir vaqtning o‘zida bunday ko‘p sonli avtobus va elektrobuslarini sotib olishi bilan maqtana olmaydi, ayniqsa, elektrobuslar avtobuslardan ikki baravar qimmat ekanini hisobga olsak, dedi u. Prezidentning fevraldagi qaroriga ko‘ra, maygacha Xitoydan poytaxtga uzunligi 12 metr bo‘lgan 700 ta katta sig‘imli avtobuslar, jumladan, 200 ta juda katta sig‘imli 18 metrli avtobus (“garmoshkali”), shuningdek, 300 ta 12 metrli elektrobus kelishi kerak. Ularning umumiy qiymati 210 million dollarni tashkil etadi.

Hozirgacha 100 ta Yutong elektrobuslari, 103 ta Yutong gazda harakatlanuvchi avtobuslari va 30 ta King Long “garmoshkali” avtobusilar yetkazib berildi. Jurnalistlarga bergan intervyusida Ilhom Mahkamov 592 ta avtobus Xitoydagi zavodlarda ishlab chiqarilgani, qolganlari 20-aprelgacha tayyor bo‘lishi kerakligini aytdi. Xitoy va Qozog‘iston chegaralarini kesib o‘tish vaqti va tartibi hisobga olinsa, avtobuslarning Toshkentga yetib kelishi 10−14 kun vaqt oladi.

“Bugungi kunda bizda na tramvay, na trolleybus borligi sababli avtobuslar harakatini metro bilan birgalikda yo‘lga qo‘yishimiz kerak. May oyidan boshlab Toshkent ko‘chalari bo‘ylab mingta avtobus va elektrobuslar bosqichma-bosqich harakatlana boshlaydi”, — dedi transport vaziri.

Uning ishontirishicha, yangi avtobuslar shahar ko‘chalariga “shunchaki tashlanmaydi”. “Xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan holda yo‘nalishlar ishlab chiqilib, ular metro bilan bog‘lanadi”.

Toshkentga har kuni 1 milliondan ortiq odam keladi, shu bois aholining boshqa transportdan metroga o‘tishini ta’minlaydigan transport bog‘lamalarini qurish rejalashtirilgan.

Hozirgi kunda Toshkentda 1100 ga yaqin avtobus harakatlanadi, ulardan 460 tasi “kichik” Isuzu. “Sotib olingan MAN va Mercedes-Benz rusumli avtobuslarga 1000 ta [yangi] katta sig‘imli avtobuslar qo‘shilsa, jami 1900 ta katta sig‘imli avtobuslar, shu jumladan, 200 ta 18 metrli avtobuslar harakatlanadi. Albatta, bu avtobus ichidagi tiqilinchni ham kamaytiradi, intervallarni 3−4 daqiqagacha, tig‘iz vaqtlarda 2 daqiqagacha qisqaradi”, — dedi Ilhom Mahkamov.

Shuningdek, u 15-maydan boshlab Toshkentdagi jamoat transporti yangi tariflarga o‘tishi kerakligini aytdi. Xuddi shu kundan boshlab haydovchilar uchun kunlik reja bekor qilingan holda jamoat transporti brutto-shartnomalar asosida harakatlanishini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

“Yo‘llarni kengaytirish — bu xato”

Navbatdagi asosiy muammo yo‘l infratuzilmasi, dedi vazir. Uni tashkil qilish uchun vaqt kerak. Agar biz BRT (bus rapid transit) avtobus tizimi haqida gapiradigan bo‘lsak, buning uchun maxsus yo‘lakdan tashqari, maxsus to‘xtash joylari va piyodalar o‘tish joylari kerak bo‘ladi. Hozirgacha “tezkor yechimlar” taklif qilingan, masalan, Toshkent markazidagi ayrim uchastkalarda alohida avtobus yo‘laklari ajratilgan.

Joriy yilda Transport vazirligining Loyiha boshqarmasi poytaxt hokimligi va Ichki ishlar vazirliklari bilan birgalikda Toshkent shahridagi 34 ta asosiy transport yo‘laklaridan 13 tasida jamoat transporti qatnovining ustuvorligini ta’minlash va o‘tkazish imkoniyatini oshirish bo‘yicha ish olib bormoqda.

Jurnalistlardan biri vazir bilan suhbatda yangi metro bekatlari qurilishi bilan vagonlar gavjumligicha qolayotganini ta’kidladi. Suhbatga Toshkent hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov qo‘shilib, “Odamning puli ko‘paymoqda, o‘qiydi, ishlaydi, institut, ish o‘rinlari paydo bo‘lyapti, xursand bo‘linglar”, — dedi.

Transport vaziri: “Odamlarning mobilligi oshyapti”, — deb javob berdi.

“Shunga yarasha yo‘llarni kengaytirish kerakda”, — dedi boshqa bir jurnalist.

“Yo‘q, yo‘llarni kengaytirish bu xato. Bu birinchisi”, — uni gapini bo‘ldi Ilhom Mahkamov.

Gapida davom etar ekan, vazir: “Yo‘l o‘tkazgichlar qurilishi ham batafsil yechim emas. Bir chorrahaning muammosini hal qilish orqali siz tirbandliklarni keyingi chorrahalarga o‘tkazasiz”, — dedi.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, Toshkent uchun birinchi marta shaharning transport makromodeli yaratilgan. Uning rivojlanishi ikki yil davomida yo‘lovchilar oqimini tahlil qilishni talab qilgan. Jarayonga Turkiya va Rossiyadan mutaxassislar jalb qilingan, dedi u.

Ushbu modelni amalga oshirish vaqt talab etadi: “Bu 1−2 kunda joriy qilinadigan narsa emas. Bu chorrahalarni, har bir ko‘chani to‘liq qayta ko‘rib chiqishni talab qiladi”.

Tramvay qachon Toshkentga qaytariladi?

Ilhom Mahkamov bu savolga javob berar ekan, bu ham eskirgan drenaj tizimi, metropolitenda tiqilinchni haddan tashqari ko‘pligi, ko‘chalardagi tirbandlik muammolarini hal qilish kabi ko‘p vaqt talab etishini aytdi.

“Endi mutaxassislar bizga eski va yangi Toshkentni bog‘laydigan liniya qurishdan boshlash kerakligini aytishmoqda”, — dedi vazir.

“Agar hozir shahar ichida tramvay qurishni boshlasak, tirbandliklarga ham duch kelamiz, deyishyapti. Tramvay ishga tushirilgandan keyin emas, balki qurilish vaqtida. Bu juda uzoq vaqt talab etadi”, — deydi u.

“Shuning uchun, o‘ylaymanki, yaqin vaqt ichida muhtaram prezident uchun ushbu ko‘cha (Yangi O‘zbekiston ko‘chasi — tahr.) bo‘ylab eski va yangi Toshkentni bog‘laydigan tramvay loyihasini amalga oshiramiz”, — dedi vazir.

2022-yil kuzida Fransiyaning Alstom mashinasozlik kompaniyasi Toshkentdagi “Do‘stlik” metro stansiyasidan boshlab, Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab tramvay yo‘li qurishi haqida xabar berilgandi.

Toshkentga tramvay qaytarilishi rejalari haqida Shavkat Mirziyoyev 10-fevral kuni ushbu elektr transport faoliyat ko‘rsatayotgan yagona shahar — Samarqandga tashrifi davomida ma’lum qilgandi. Noyabrda esa Transport vazirligi poytaxt ko‘chalariga tramvayni qaytarish zaruratini o‘rganayotganini qayd etdi.

Transpot boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev yozda qilgan chiqishlarining birida tramvayning ikkita yo‘nalishi bo‘yicha takliflar tayyorlangani, ulardan birinchisi TTZdan Shimoliy vokzalgacha, ikkinchisi esa Shimoliy vokzaldan Otchopargacha davom etishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.

“Gazeta.uz” Toshkentda tramvay qatnovlarini tugatish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilishda shoshma-shosharlikka va xatoga yo‘l qo‘yilganiga bir necha bor e’tiborni qaratgan. Rasmiylar tramvayni samarasiz deb atagani holda trasport muammolari (yo‘llarning tirbandligi)ni esa ko‘chalarni kengaytirish, yangi yo‘l o‘tkazgichlar va metropoliten liniyalarini qurish orqali hal qilishni rejalashtirgan. Oqibatda shaharda jamoat transporti bilan bog‘liq vaziyat og‘irlashishda davom etdi.