O‘zbekistonning barcha hududlarida ham tezlik pasaytirilmaydigan bo‘ldi

2023 yilgi davlat dasturiga ko‘ra, 1 apreldan Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyat va tumanlar markazlarida avtomobillar harakatlanishining eng yuqori tezligi 70 km/soatdan 60 km/soatga tushiriladi. Avvalroq loyihada cheklovni barcha aholi punktlarida qo‘llash taklif qilingandi.

O‘zbekiston prezidenti AQSh davlat kotibini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev va AQSh davlat kotibi Entoni Blinken ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsion va innovatsion hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Amerika yetakchi kompaniyalarining O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Entoni Blinken Toshkentdagi Hazrati Imom majmuasiga bordi

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken chorshanba kuni poytaxtdagi tarixiy madaniyat markazlaridan biri Hasti Imom masjidiga tashrif buyurdi. Erta tongdan Blinken O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan muzokaralar o‘tkazdi. Keyin esa Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxonada ham bo‘ldi.

O‘zbekiston Rossiyadan gaz importini 1 martdan boshlamaydi — Energetika vazirligi

Rossiyadan O‘zbekistonga gaz importi 1 martdan boshlanmaydi, deb xabar qildi Energetika vazirligi. Ishchi guruhlar imzolangan «yo‘l xaritasi» doirasida o‘rganishni davom ettirmoqda. Hozircha aniq kelishuvga erishilmagan.

XTBB o‘quvchi qizlarning TikTok`dagi videosi «milliy urf-odatlarga to‘g‘ri kelmasligini» bildirdi

TikTok`da Toshkentdagi o‘quvchi qizlarning mashhur «Za dengi da» qo‘shig‘iga qalbaki dollarlarni sochgan holda o‘ynagani aks etgan hazilomuz videosi tarqaldi. Poytaxt xalq ta’limi bosh boshqarmasi holat bo‘yicha qizlarning ota-onasi uzr so‘raganini va raqs «milliy urf-odatlarga to‘g‘ri kelmasligini» bildirdi.

O‘zbekiston bosh muftiysi bir nechta imom-xatibni ishdan oldi, ayrimlariga hayfsan berdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Nuriddin Xoliqnazarov o‘tkazgan yig‘ilishda qator imom-xatiblar ishdan olindi, ayrimlariga hayfsan berildi. Muftiy imom-xatiblarga ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilish odobiga amal qilish va bilim saviyalarini oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Senatning o‘ttiz yettinchi yalpi majlisi 2 mart kuni chaqiriladi

Oliy Majlis Senatining o‘ttiz yettinchi yalpi majlisi 2 mart kuni chaqiriladi. Unda raqobat, davlat boji va tibbiyot hamda pedagog xodimlarining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonunlar ko‘rib chiqiladi.

OKMK Toshkentdagi chang manbasi uning kareri ekanini rad etdi

OKMK Toshkentda chang paydo bo‘lishining asosiy sababi «Yoshlik I» konining yangi uchastkasida olib borilayotgan tozalash ishlari ekani haqidagi ma’lumotni rad etdi.

Sirdaryo tumani hokimi o‘quvchi qizlarga non yopishni o‘rgatishni taklif qildi

Sirdaryo tumani hokimi Botirjon Mirzaqulov «Hayot maktabi» loyihasi tashkil etilgani haqida gapirib, o‘quvchi qizlarga non yopishni o‘rgatishni taklif qildi. «Non pishirishni o‘rgatadigan avlod yo‘qolib, non sotib olishga o‘tildi. Dalada hamma g‘o‘zapoya qolib ketdi», — deydi hokim.

Navro‘z bayramida o‘zbekistonliklar necha kun dam oladi?

Prezident farmoni bilan Navro‘z bayramida haftasiga 5 kun ishlaydiganlar 5 kun, ya’ni 18−22 mart sanalarida, haftasiga 6 kun ishlaydiganlar 4 kun, ya’ni 19−22 mart sanalarida dam oladi. 23 martdan esa barcha yana ishga chiqadi.

Uzbekistan Airways Navro‘z bayramiga 21 foizlik chegirma e’lon qildi

Uzbekistan Airways Navro‘z bayrami munosabati bilan mahalliy aviaqatnovlar uchun 21% chegirma e’lon qildi. U 18 martdan 22 martgacha bo‘lgan sotuv davrida amal qiladi.

DXX O‘zbekistonga qo‘shni davlatlardan 56 kg narkotik moddalar olib kirilishining oldini oldi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Tojikiston va Qirg‘izistondan umumiy og‘irligi 56 kg bo‘lgan gashish va opiy olib kirilishi bilan bog‘liq holatlarning oldini oldi.

Nukus voqealari bo‘yicha yangi ish figurantlariga 5 yildan 12 yilgacha qamoq jazosi berish so‘raldi

Prokuror suddan Nukus voqealari bo‘yicha sudlanayotgan 37 nafar shaxsga 5 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 2 nafariga esa ozodlikni cheklash jazosi berishni so‘radi. Advokatlardan biri prokuraturaning ayblovlaridagi barcha moddalar ularni rad etuvchi dalillarga qaramay o‘zgarishsiz qolganini aytdi.

Piyodalar sariq jiletdan foydalanishi kerakligi haqidagi xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi — IIV

Tarmoqlarda piyodalar uchun sariq jiletlardan foydalanish tartibi joriy etilishi haqida xabarlar tarqaldi. IIV bu ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi, tartib tavsiyaviy ahamiyatga egaligini bildirdi.

«Turkistonbank» bankrot deb e’lon qilindi

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi qarori bilan «Turkistonbank» bankrot deb topildi. Bankni tugatish komissiyasi ham o‘z faoliyatini yakunladi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

1 martdan nimalar o‘zgaradi?

Soliq tekshiruvlari ustidan sudga shikoyat qilish imkoniyati yaratiladi, 1 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlari faqat tender orqali ajratiladi, 6 ta yangi mahalliy yo‘nalishda aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi, tadbirkorlar soliq qarzini foizlarsiz bo‘lib to‘lashi mumkin bo‘ladi — 1 martdan nimalar o‘zgaradi?