25 dekabr kuni Koreya Milliy Assambleyasi tomonidan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga 15 mlrd von (12 mln AQSh dollari atrofida) miqdoridagi grant ajratilishi bo‘yicha qaror qabul qilindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Mazkur grant mablag‘lari doirasida Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish birlashmasining o‘zbek-koreys ilmiy texnik markazi qoshida sanoat tajriba sexi tashkil etiladi.

Ushbu sexga zamonaviy laboratoriya jihozlari hamda texnologik uskunalari olib kelinadi. U yerda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish dasturga asoslangan holda ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, yangi texnologiyalarni jalb qilish bo‘yicha tadqiqot ishlari olib boriladi.

Ma’lumot uchun, «Olmaliq KMK» 1949 yilda tashkil etilgan. Kombinat O‘zbekistondagi eng yirik sanoat korxonalaridan biri bo‘lib, uning ishlab chiqarish quvvati Toshkent, Jizzax, Namangan, Surxondaryo viloyatlarida joylashgan mis-molibden, qo‘rg‘oshin-rux, oltin va kumush konlariga asoslanadi.

2018 yildan buyon korxona boshqaruv raisi sifatida Xursanov Abdulla faoliyat yuritib kelmoqda.