Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Konstitutsiya qabul qilinganining 30 yilligi bilan tabrikladi. Tabrik matni davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

Shavkat Mirziyoyev so‘nggi yillarda O‘zbekistonda keng ko‘lamli demokratik islohotlar jadal sur’atlar bilan amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

«Eng muhimi, ijtimoiy-siyosiy hayotimizning mazmuni, vatandoshlarimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi tubdan o‘zgarmoqda. Yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro, millati, tili va dinidan qat’i nazar, jamiyatimizning teng huquqli a’zosi, o‘z taqdirining chinakam egasi, mamlakatimizdagi barcha o‘zgarish va yangilanishlarga o‘zini nafaqat daxldor, balki bu jarayonlarning bevosita ishtirokchisi, erkin va bunyodkor inson sifatida his etmoqda», — dedi prezident.

Shuningdek, «Xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi, inson huquq va erkinliklarining qonuniy kafolati bo‘lgan, biz uchun ozod va obod hayot qurish yo‘lini ochib bergan Konstitutsiyamiz bilan shu bois har qancha faxrlansak, g‘ururlansak, arziydi», — deya ta’kidladi u.

Prezident asosiy qonunga joriy yilda boshlangan o‘zgartish va qo‘shimchalar muhokamasi davom etayotganini qo‘shimcha qildi.

«Ushbu konstitutsiyaviy islohotlarni Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining mazmuni va mantig‘i, xalqimiz bildirayotgan talab, istak va takliflar, muxtasar aytganda, shiddat bilan o‘zgarayotgan davrning o‘zi taqozo etmoqda. Shu sababli hozirgi vaqtda „Inson — jamiyat — davlat“ degan tamoyilni Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga, kundalik hayotimizga chuqur singdirishimiz zarur», — deyiladi prezident tabrigida.

Shavkat Mirziyoyev inson, uning hayoti, huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, inson qadrini ulug‘lash bu boradagi islohotlar markaziga olib chiqilayotganini ta’kidladi.

Uning qayd etishicha, ijtimoiy davlat tamoyili, oila institutining konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlash, keksa avlod vakillarini, nogironlarni ishonchli himoya qilish, xotin-qizlar va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, ta’lim va ilm-fan, madaniyatni rivojlantirish, fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash, ekologik muvozanatni saqlash, fuqarolik jamiyati institutlari hamda mahallaning huquq va vakolatlarini kengaytirish, ommaviy axborot vositalari erkinligini ta’minlash kabi ko‘plab prinsipial ahamiyatga ega masalalar Asosiy qonunda muhrlab qo‘yilmoqda.

«Bu jarayonda siz, aziz vatandoshlarimiz — turli kasb va ijtimoiy guruhga mansub fuqarolarimiz tomonidan bildirilgan barcha taklif, fikr va mulohazalar albatta inobatga olinadi va Konstitutsiya loyihasi umumxalq referendumiga olib chiqiladi», — dedi u.

Davlat rahbari yaqinlashib kelayotgan yangi — 2023 yil uchun ulkan dastur va rejalar tuzilayotganini ta’kidladi.

«Konstitutsiyada belgilab olayotgan ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlikni, millatlar va dinlararo do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlash, aholi farovonligini oshirish, yangi uy-joylar barpo etish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha katta-katta vazifalar bu dasturlarda o‘zining aniq ifodasini topmoqda. Ishonchim komilki, barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib, fidokorona mehnat qilib, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga albatta erishamiz», — deya ta’kidladi prezident.

Referendum bu yil o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi, biroq bo‘lmadi

Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili Asosiy qonunning 29 yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrigida Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qilgandi. Buni 2022 yil 8 dekabrgacha bajarish rejalashtirilgan edi. Yozda davlat rahbari o‘zgartishlarni qabul qilish uchun referendum o‘tkazishni taklif qildi. Referendum kuzda bo‘lib o‘tishi kutilgandi, biroq hozircha uning sanasi e’lon qilinmadi. Noyabr oyi oxirida Qonunchilik palatasi tuzatishlarni qayta ko‘rib chiqish uchun loyihani qayta ishlashga yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha umumxalq muhokamasi 25 iyunda boshlanib, 1 avgustda yakuniga yetdi. Avvaliga muhokama uchun atigi 10 kun ajratildi. Keyin deputatlar bu vaqt yetarli emasligini tan olishdi va yana 10 kun qo‘shildi. Keyinroq muhokamani yana 15 kunga uzaytirishga qaror qilindi.

1−2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda respublika maqomini o‘zgartirish bo‘yicha taklif etilayotgan o‘zgartirishlar tufayli yuzaga kelgan tartibsizliklardan so‘ng Qoraqalpog‘istonga oid yangi moddalar loyihadan chiqarib tashlandi.

«Gazeta.uz» avvalroq jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan o‘zgartirishlar loyihasida hokimiyatlarning haqiqiy bo‘linishi va vakillik demokratiyasini mustahkamlash bilan bog‘liq o‘zgartirishlar yo‘qligi, unda qarama-qarshiliklar va takroriy holatlar mavjudligi haqida maqola chop etgandi.