Dushanba kuni Toshkent metropoliteni 620 ming yo‘lovchi tashidi

Poytaxtda 5 dekabr kunining o‘zida 620 ming yo‘lovchi metrodan foydalandi (bu odatiy kundan 105 ming (21%) nafarga ko‘p). Metropoliten xodimlari yo‘lovchi ko‘pligi sabab, fuqarolardan qoidalarga amal qilishni va kassalarda navbat kutib qolmaslik uchun bank yoki transport kartalardan foydalanishni so‘radi.

Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sadir Japarov bilan telefonda suhbatlashib, uni tavallud kuni bilan tabrikladi. Shuningdek, Qirg‘iziston nashrlari 9 dekabr kuni Shavkat Mirziyoyevning mamlakatga tashrifi haqida xabar berdi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston pasport nazoratini osonlashtirishga kelishib oldi

Endilikda ikki davlat fuqarolari ID-kartani ko‘rsatish orqali chegaradan o‘tishi mumkin. Tegishli bayonnoma O‘zbekiston prezidentining 9 dekabr kuni Qirg‘izistonga davlat tashrifi chog‘ida imzolanadi.

Nodir kitoblar yo‘qolishi sababli sudlangan O‘zMU kutubxonasi direktori ozodlikka chiqarildi

Sudning apellyatsiya instansiyasi nodir qo‘lyozmalar yo‘qolishida ayblanib, 5 yilga qamalgan O‘zMU kutubxonasi direktori Irina Kislitsinaning jazosini yengillashtirdi. Unga qo‘llanilgan qamoq jazosi ozodlikni cheklash chorasiga almashtirildi.

Toshkentda uydagi yong‘in oqibatida 2 kishi vafot etdi

Toshkent shahrining Yangihayot tumanida 12 ta xonadondan iborat bo‘lgan uyda yong‘in sodir bo‘ldi. Uydan 9 nafar fuqaro evakuatsiya qilindi, biroq 2 nafar fuqaro halok bo‘ldi. Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi: 10 oyda 3 mlrd so‘mdan ziyod zarar yetkazildi

2022 yilning o‘n oyida 694 ta holatda o‘rmon huquqbuzarliklari aniqlanib, jami 3 mlrd 153,4 mln so‘m zarar keltirilgan. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi rasmiysining aytishicha, 374 ta holat bo‘yicha 330 mln so‘mdan ortiq zarar va 85 mln so‘m jarima undirilgan. Hozirda qolganlarini undirish choralari ko‘rilmoqda.

Samarqandda pogonini o‘zi yulib, ayol kishini ayblashga uringan IIB xodimi hanuz tizimda ishlayotgani aytildi

2022 yilning yozida tarmoqlarda ikki ayolga kuch ishlatayotgan IIB xodimlaridan biri pogonini o‘zi yulib tashlab ayolni ayblagani aks etgan video tarqalgandi. IIV vakilining aytishicha, pogonini yulib tashlagan xodim hamon shu tizimda ishlamoqda, ayolga nisbatan bir yil muddatga axloq tuzatish ishlari tayinlangan.

«O‘zbekneftgaz» o‘z AYOQSHlarida AI-80 benzin narxi oshganini rad etdi

«O‘zbekneftgaz» AI-80 benzini narxi oshirilmagani va uning 1 litri 6800 so‘mligicha saqlanib qolayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, kompaniya respublika NQIZlarida sutkasiga 4000 tonnadan benzin ishlab chiqarilayotgani va avtomobillar uchun bu turdagi yoqilg‘i zaxirasi yetarli ekanini qayd etdi.

Toshkent viloyatida temir yo‘l simlarini o‘g‘irlagan 3 kishi besh yilga ozodlikdan mahrum etildi

Sud tomonidan Toshkent viloyatida elektrovozlarini yuqori kuchlanishli elektr energiyasi bilan ta’minlovchi simlarning jami 140 metrini o‘g‘irlagan shaxslarga hukm o‘qildi. Ularning har biri besh yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

5 yilda o‘lim bilan bog‘liq YTHlar sonini eng kamida 50 foizga qisqartirish rejalashtirilgan — Olim Saidov

29 noyabr kuni O‘zbekistonda yanvar-oktabr oylari davomida 7 636 ta yo‘l-transport hodisasi (YTH) qayd etilganini, ular oqibatida 1 931 kishi halok bo‘lgani aytilgandi. YHXX boshlig‘i Olim Saidov ushbu ko‘rsatkichni 5 yilda kamida 2 barobarga qisqartirish rejalashtirilganini ma’lum qildi.

Andijondan qator hududlarga qo‘shimcha poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

11 dekabrdan boshlab Andijon viloyatidan Xiva, Termiz va Qo‘ng‘irotga qo‘shimcha poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Sug‘urta polislarini ro‘yxatga oluvchi va aylanmasini nazorat qiluvchi yagona axborot tizimi yaratiladi

Hukumat qarori bilan yil yakuniga qadar sug‘urta polislarini ro‘yxatga oluvchi va ularning aylanmasini nazorat qiluvchi yagona axborot tizimi joriy etiladi. Shu bilan birga, 1 iyulgacha «Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urtalash to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

IIV fuqarolarni qiyin vaziyatlarda qolganda murojaat qilishga chaqirdi

IIO xodimlari 3 nafar — biri Navoiyda ko‘p qavatli uyning dahlizida uxlayotgan, ikki nafari Toshkentdagi yer osti quvuri yonida isinayotgan boshpanasizga yordam berdi. IIV shaxsiy tarkibni kuchaytirilgan rejimga o‘tkazdi. Aholi qiyin va xavfli vaziyatlarda 102, 1102 va 1173 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishi so‘raladi.

O‘zbekistonda koronavirus yuqtirganlar soni biroz kamaydi

5 dekabr kuni respublikada koronavirus yuqtirganlar soni biroz kamayib, 120 kishini tashkil etdi. (Bir kun oldin 153 kishida aniqlangan.)

«Aeroflot» kompaniyasi Sankt-Peterburgdan Toshkent va Samarqandga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yadi

Parvozlar Boeing 738 samolyotlarida haftasiga uch marta — chorshanba, juma va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.

Farg‘onada profilaktika inspektori o‘zini otib qo‘ydi

Toshloq tumanida profilaktika inspektori tabel quroli bilan o‘zini otib qo‘ydi. U mashinasida koma holatida topilgan va tibbiy muassasaga joylashtirilgan. Xodim 1xbet orqali 45 mln so‘m yutqazib qo‘ygani uchun jazolangan va viloyat IIB qoshidagi intizomiy Kengashning nazoratida bo‘lgan.

Banklarda dollarning sotish kursi 11 330 so‘mgacha ko‘tarildi

6 dekabr kuni tijorat banklari dollarni 11 250−11 310 so‘m oralig‘ida sotib olmoqda, sotish kursi esa — 11 330 so‘m.

Qatar-2022: Futbol bo‘yicha jahon chempionati tafsilotlari:

Xorvatiya va Braziliya chorak finalda, barcha Osiyo jamoalari mundialni nimchorak finalda yakunladi

JCH-2022`ning nimchorak finalida Yaponiya — Xorvatiya hamda Braziliya — Koreya Respublikasi bahslari bo‘lib o‘tdi. Birinchi o‘yinda g‘olib penaltilar seriyasi orqali aniqlandi, ikkinchi o‘yinda esa Braziliya terma jamoasi yirik hisobda g‘alaba qozondi. Chorak finalda Xorvatiya va Braziliya uchrashadigan bo‘lishdi.