Shavkat Mirziyoyev 2 noyabr kuni “Issiqxona xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi.

Qarorga ko‘ra, issiqxona xo‘jaliklarida mahsulot yetishtirish va tayyor mahsulotni ichki hamda tashqi bozorga yo‘naltirishning yangi mexanizmi joriy etiladi, unga muvofiq Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi:

  • issiqxona xo‘jaliklariga urug‘, ko‘chat, mineral o‘g‘it va boshqa moddiy resurslarni yetkazib berish va yetishtirilgan mahsulotni ulardan xarid qilish choralarini ko‘radi;
  • respublikada faoliyat yuritayotgan tajribali va malakali agronom, entomolog, laboratoriya mutaxassislarini issiqxona xo‘jaliklariga shartnoma asosida tavsiya qiladi;
  • sertifikatlangan va kafolatlangan urug‘ va ko‘chatlarni yetishtirish bo‘yicha maxsus ko‘chatxonalarni tashkil etishga ko‘maklashadi;
  • issiqxona xo‘jaliklari bilan o‘zaro hamkorlik asosida kooperatsiya faoliyatini yo‘lga qo‘yish, yetishtirilgan mahsulotni saralash, qayta ishlash, saqlash, qadoqlash va eksport qilishga ko‘maklashadi;
  • O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi bilan birgalikda kelishuv asosida hududiy inspektorlarni biriktiradi va o‘simliklar himoyasini tashkil etishbo‘yicha xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlaydi.

Xalqaro moliya institutlari, maqsadli jamg‘armalar hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan issiqxona xo‘jaliklari va muzlatkichli omborxonalar uchun ajratilgan milliy hamda xorijiy valyutadagi kreditlarni qaytarish muddatlarini umumiy hisobda 14 yil etib belgilash va imtiyozli davrini 3 yildan 5 yilgacha uzaytiriladi(muddati o‘tgan asosiy va foiz qarzdorliklarini kredit davriga mutanosib ravishda uzaytirish). Bunda, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan avval taqdim qilingan kafillik va kredit foizlari kompensatsiyalari saqlanib qoladi.

Mazkur imtiyozlar Issiqxona xo‘jaliklari moliyaviy ahvolini sog‘lomlashtirish va rivojlantirish bo‘yicha respublika ishchi guruhining o‘rganish natijalariga ko‘ra shakllantirilgan ro‘yxat asosida taqdim etiladi.

Issiqxona xo‘jaliklarini aylanma mablag‘ (urug‘lik, ko‘chat, o‘g‘it, kimyoviy vositalar, issiqxona materiallarini sotib olish va isitish xarajatlari uchun) bilan ta’minlash uchun tijorat banklari tomonidan bir yil muddatga olti oylik imtiyozli davr bilan kredit ajratiladi. Bunda:

  • mazkur kreditlar O‘zbekiston prezidentining 2022 yil 6 oktabrdagi PQ-387-son qarorida nazarda tutilgan tartibda va shartlarda Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligiga ajratilgan budjet ssudasi hisobidan moliyalashtiriladi;
  • issiqxona xo‘jaliklarida eksportbop mahsulot yetishtirishga talab etiladigan aylanma mablag‘lar uchun xorijiy valyutadagi bank kreditlari Eksportni rag‘batlantirish agentligi mablag‘lari hisobidan yillik 4 foiz stavkada (shundan, bank marjasi 2 foiz) ajratiladi. Bunda, kredit ta’minoti sifatida “O‘zbekinvest” sug‘urta kompaniyasi sug‘urta polisi qabul qilinadi va sug‘urta mukofoti xarajatlarining 75 foizi Eksportni rag‘batlantirish agentligi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;
  • ajratilgan kreditlarni qaytarish muddatlari issiqxonalarda hosilni yig‘ib olish va sotish muddatlariga moslashtiriladi hamda kreditlarni qaytarish grafiklari shu asosida tasdiqlanadi;

Shuningdek, issiqxona xo‘jaliklariga tabiiy gaz bo‘yicha to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaganlik uchun penya summasi 2022 yil 1 oktabrdan 2023 yil 1 aprelgacha, istisno tariqasida, hisoblanmaydi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchixonalari bilan birgalikda:

  • bir oy muddatda xususiy sektor ishtirokida an’anaviy yirik eksport bozorlari hududida meva-sabzavotlarni saqlash, saralash va qadoqlash kabi kompleks logistika imkoniyatlariga ega bo‘lgan savdo majmualarini tashkil etish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritishi;
  • tashqi bozorlarda “oldindan kutilmagan” va nosog‘lom raqobat oqibatida yuzaga keladigan moliyaviy yo‘qotishlarni, avvalo eksportga yuklanadigan mahsulotlar bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan tuziladigan uzoq muddatli savdo shartnomalari orqali oldini olish choralarini ko‘rishi;
  • 2022 yil yakuniga qadar Yaponiya, Koreya Respublikasi,Yevropa mamlakatlarida yangi eksport bozorlarini ochish yuzasidan hukumatlararo kelishuvlar imzolanishini ta’minlanishi belgilandi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va Energetika vazirligi bir oy muddatda hududlardagi issiqlik elektr stansiyalari va markazlaridan issiqlik energiyasi olib faoliyat yuritadigan issiqxonalarga energiya yetkazib berishda “sun'iy” vositachilar paydo bo‘lishi va narxlarning asossiz o‘sishining oldini olish choralarini ko‘rishi topshirildi.

Ma’lumot uchun, 25 oktabr kuni gazdan uzilgan issiqxonachilar norozilik bildirib,Vazirlar Mahkamasi binosi oldida to‘plandi. Shundan so‘ng, uch nafar vazir gazdan uzilgan issiqxona egalari bilan salkam 3 soatlik uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirkorlar muammosiga “Gazeta.uz” e’tibor qaratgach, issiqxonalar gazdan uzilmaydigan bo‘ldi.

28 oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev Sardor Umurzakovga issiqxonalar gazdan uzilgan holatni zudlik bilan ko‘rib chiqishni buyurdi. O‘sha kuni Sardor Umurzakovning vazirlik va idoralar rahbarlari bilan issiqxonalarni gaz ta’minotidan uzib qo‘yish bo‘yicha yig‘ilishidagi nutqidan parcha aks etgan audioyozuv tarqaldi. U issiqxonalarni gazdan uzib qo‘ygan mutasaddilar harakatini “davlat xavfsizligiga tahdid”, deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gazning atigi 1,5 foizi tejalgan, lekin eksport va ish o‘rinlari “o‘ldirilgan”. Umurzakov “gaz o‘g‘rilaydigan” AGTKSHlar bilan shug‘ullanishni topshirdi.