Bosh prokuratura huzuridagi departamentning xabar berishicha, tashkilot va DXXning Namangan viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqarolar A.A., B.T. va R.S. o‘zaro til biriktirib, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan 1 316 dona «Regapen» nomli dori vositalarini fuqaro O‘.ga 32,9 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi.

Shuningdek, Samarqand viloyat boshqarmasi hamda Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro S.S. boshqa bir fuqaro E.ga jami 56 dona «Regapen» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 1,5 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251−1-moddasi (kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.