Prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston temir yo‘llari» raisi Husnutdin Hosilovni 3 oyda o‘z tizimida o‘zgarish qilmasa, ishdan olinishi haqida ogohlantirdi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev rasiligida o‘tkazilgan turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda «Toshkent — Samarqand» va «Toshkent — Andijon» yo‘nalishlarida avtomobilda yo‘lovchi tashish vaqti o‘rtacha 1−1,5 soatga ko‘payganligi aytildi. Lekin temir yo‘l va avia qatnovlar soni va sifati talab darajasida emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois tegishli mutasaddilarga quyidagi topshiriqlar berildi:

  • vodiy viloyatlaridan Toshkent, Nukus, Buxoro, Urganch shaharlariga har kuni aviareyslarni yo‘lga qo‘yish;
  • viloyat markazlaridan Toshkent, Nukus, Buxoro, Qarshi, Termiz va Urganch shaharlariga avia va temir yo‘l qatnovlarini 2 baravar ko‘paytirish;
  • kamida 500 ta eski tipdagi vagonlarni kelgusi ikki yilda rekonstruksiya qilish bo‘yicha alohida dastur qabul qilish.

Shuningdek, viloyatlar hududidagi kongres-xoll, saroylar, mehmonxonalar infratuzilmasidan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish vazifasi topshirildi.

Bundan tashqari, shveysariyalik mutaxassislar bilan birga Buxoro, Zomin va Bo‘stonliq turizm kollejlarida mehmonxona boshqaruvi, servis va boshqa yo‘nalishlarda yangi o‘quv dasturlari asosida o‘qitishni boshlash hamda «Ipak yo‘li» turizm universitetida mehmonxona va servis sohasida o‘rta bo‘g‘in xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlab, yiliga kamida 1 ming nafar yoshlarni o‘qitish topshirildi.