Markaziy bank 2023 yilda rejalashtirilgan 5 foizlik inflyatsiyaning doimiy maqsadiga erishishni 2024 yil oxirigacha qoldirdi. Bu haqda 21 iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida MB rahbari Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi, deb xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Bir kun oldin regulyator asosiy stavkani 1 foiz bandga pasaytirib, yillik 15 foizga tushirdi. Qaror may-iyul oylarida qisqa muddatli tashqi shoklar ta’sirini pasayishi hisobiga makroiqtisodiy holatning nisbatan barqarorlashishi hamda tartibga solinadigan narxlarni erkinlashtirish bo‘yicha kutilmalarning kechiktirilishi hisobiga qabul qilindi. Oxirgi omil inflyatsiya darajasining 12−14 foizlik prognoz koridorining medianisidan pastroq, ya’ni quyi chegarasiga yaqin shakllanish ehtimollarini oshirmoqda.

Iyun oyida yillik inflyatsiya sur’ati 12,2 foizni tashkil etib, ushbu o‘sish asosan global inflyatsion jarayonlar sharoitida import inflyatsiyasi, tovarlarni yetkazib berish va logistikasida yuzaga kelayotgan muammolar hamda g‘alla yetishtirish va sotish narxlarining erkinlashtirilishi kabi omillar bilan bog‘liq, dedi MB rahbari.

Agar yillik inflyatsiya tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 16,5 foizga oshgan bo‘lsa, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar mos ravishda 10,7 va 6,8 foizga qimmatlashgan.

Iyun oyida o‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga ko‘ra, kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishi bo‘yicha aholi vakillarining inflyatsion kutilmalari may oyidagi keskin o‘sishdan keyin (17,6 foiz) pasayuvchi dinamikani ko‘rsatib, 16,4 foiz atrofida shakllangan bo‘lsa, tadbirkorlik subyektlariniki 15,7 foizgacha pasaydi (may oyida — 17,3 foiz).

Iste’mol narxlari o‘zgarishining haftalik kuzatuvlari, haftalik o‘sish sur’atlari may oyining oxirgi va iyun oyining boshidagi haftalarida eng yuqori o‘sish nuqtalaridan o‘tib, iyul oyining dastlabki 2 haftasida nisbatan barqarorlashganini ko‘rsatmoqda.

Go‘sht mahsulotlari, sariyog‘, don, shakar va FAO indeksi narxlari. Manba: MB.

Bundan tashqari, iyun oyida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) indeksi bo‘yicha jahonda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari pasayuvchi tendensiyada shakllana boshladi. Bunda, yog‘, don va shakar narxlari mos ravishda 7,6, 4,1 va 2,6 foizga arzonlashgan bo‘lsa, go‘sht mahsulotlari narxining oylik o‘sishi 1,6 foizni tashkil etdi.

Markaziy bank avvalroq inflyatsiya darajasini 2021 yilda 10 foizdan, 2023 yilda esa 5 foizdan past darajaga yetkazishni maqsad qilgan edi. O‘tgan yilning oxirida inflyatsiya darajasi 9,98 foizgacha pasaydi, biroq geosiyosiy voqealar, dunyoda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari tendensiyalari, yetkazib berish muammolari va logistikadagi uzilishlar kelgusi yilda ham yuqori inflyatsiya risklari va noaniqliklar saqlanib qolishini ko‘rsatmoqda.

«Bu, o‘z navbatida, 2023 yilda emas, balki 2024 yilning ikkinchi yarmida 5 foizlik inflyatsiya ko‘rsatkichiga erishish uchun zarur shart-sharoit yaratadi. Shu sababli, sanab o‘tilgan fundamental omillarni hisobga olgan holda, inflyatsiya maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish ko‘rsatkichini 2023 yildan 2024 yil oxiriga ko‘chirishga qaror qilindi», — dedi Mamarizo Nurmuratov.

2020 yildan boshlab Markaziy bank inflyatsion targetlashga o‘ta boshladi. 2023 yil uchun doimiy inflyatsiya maqsadi 5 foiz etib belgilandi. Avvalroq, regulyator inflyatsiya maqsadini 5 foizini tanlash va agar stavka 5 foizdan yuqori va undan past bo‘lsa, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni tushuntirgan edi.

Inflyatsion targetlash, bu — davlat idoralari tomonidan mamlakatda inflyatsiyani nazorat qilish uchun ko‘riladigan monetar chora-tadbirlar majmuidir. Buning uchun o‘rta muddatli makroiqtisodiy prognozni belgilanishi, so‘ngra prognozdan chetga chiqqan taqdirda, iqtisodiyotdagi maqbul holatga qaytishga imkon beruvchi chora-tadbirlar majmui ishlab chiqilishi kerak.