12 iyul kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) hay’ati raisi Mixail Myasnikovich boshchiligidagi YeIK delegatsiyasini qabul qildi, deya xabar berdi ITSV matbuot xizmati.

Muhokama yakunlari bo‘yicha tomonlar O‘zbekiston hukumati va YeIKning 2021−2023 yillarga mo‘ljallangan amaldagi Qo‘shma tadbirlar rejasiga Hamkorlikning qo‘shimcha yo‘nalishlari ro‘yxatini imzoladilar.

Hujjatda mamlakatning tegishli vazirlik va idoralarining YeIKning tegishli bo‘linmalari bilan savdo, sanoat, bojxona va soliq ma’muriyatchiligi, texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya standartlari, energetika, farmatsevtika, mehnat migratsiyasi va boshqa sohalarda o‘zaro hamkorlik qilish chora-tadbirlari ko‘zda tutilgan.

YeIK matbuot xizmati yangilangan hujjat savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish uchun asos bo‘lishini ma’lum qildi. U sanoat hamkorligining yangi yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi. Ular bojxona hamkorligi (jumladan, yuklarni kuzatishda navigatsiya plombalaridan foydalanish, bojxona tranzitining boshqa jihatlari), texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya, fitosanitariya va veterinariya standartlari sohasidagi yondashuvlarni bosqichma-bosqich muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlardir. Shuningdek, gap yuk tashishni raqamlashtirish, iqlim kun tartibi, elektron tijorat, O‘zbekistonning Yevroosiyo Agroekspress loyihasini amalga oshirishdagi ishtiroki va boshqalar bo‘yicha hamkorlik haqida ham bormoqda.

Shu kunning o‘zida Mixail Myasnikovichni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham qabul qildi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, tomonlar savdo to‘siqlarini bartaraf etish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va ishbilarmonlik aloqalarini rag‘batlantirish, loyihaviy hamkorlikni rivojlantirish, tranzit sohasidagi dastur va loyihalarni ilgari surish, migratsiya tartibotlarini soddalashtirish va o‘zaro sayyohlar oqimini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

«Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi O‘zbekiston hukumati bilan faol hamkorlik qilmoqda. Hamkorlikni rivojlantirish uchun zaxiralar mavjud, eng muhimi, integratsiyani chuqurlashtirish uchun shaxsiy, muhtaram prezident janoblari, siyosiy irodangiz bor», — dedi YeIK Hay’ati raisi.

Mixail Myasnikovich investitsiya va moliyaviy siyosat, migratsiya, shuningdek, yangi yo‘nalishlar — fan, turizm va sog‘liqni saqlash sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbolini ko‘rishini ta’kidladi.

Mixail Myasnikovich «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida O‘zbekiston prezidenti YeIK bilan sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish zarurligini ta’kidlaganini aytdi.

«Haqiqatan ham biznes manfaatlari asosida ishlaydigan qo‘shma kompaniyalar, vertikal va gorizontal qurilgan tuzilmalar bo‘lishi kerak», dedi u.

Mixail Myasnikovichning fikricha, O‘zbekiston YeIK uchun sharqiy hamkorlar bilan samarali bog‘lovchi rolini o‘ynashga hamda «YeIK, „Bir kamar, bir yo‘l“ tashabbusi va Katta Yevroosiyo hamkorligi o‘rtasida ko‘prik bo‘la oladi».

Bundan tashqari, YeIK Hay’ati rahbari O‘zbekiston va YeIK ishbilarmonlik kengashlarining qo‘shma majlisini o‘tkazishni taklif qildi.