3−5 iyun kunlari Mo‘ynoqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan «Vatanparvar» tashkiloti bilan hamkorlikda Rally Muynak — 2022 avtomotosport musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, turnir O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirish, sport va festivallar turizmini rivojlantirish, mamlakatda avtomotosport turlarini ommalashtirish, shuningdek, yosh avlodni texnik va amaliy sport turlariga jalb qilish maqsadida tashkil etilgan.

Bundan tashqari, rallini tashkillashtirish orqali Mo‘ynoqdada turizm sohasida faoliyat olib boruvchi korxonalarni va xizmat ko‘rsatish sohasin qo‘llab-quvvatlash maqsadi ham ko‘zlangan.

Qayd etilishicha, musobaqalarda Toshkent shahri, viloyatlar va Qoraqalpog‘istonning shahar (tuman)laridan kelgan 132 ta avtomotosport ustalari 5 ta yo‘nalishda kuch sinashadi.

O‘z navbatida, 3−4 iyun kunlari A-8 va A-9 avtomobil klasslari bo‘yicha musobaqalarda sportchilar Mo‘ynoq shahri — Orol dengizining hozirgi qirg‘og‘igacha 415 km masofani bosib o‘tadi, mototsikl va baggi yo‘nalishidagi musobaqalar Mo‘ynoq shahrining o‘zida kross ko‘rinishida tashkil qilinadi. Musobaqa g‘oliblarini taqdirlash marosimi 5 iyun kuni o‘tkaziladi.