O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) va «Milliy tiklanish» Demokratik partiyasi fraksiyalari tomonidan boshlab yuborilgan Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish jarayoni jadallashib bormoqda.

Akmal Saidov boshchiligida Konstitutsiyani isloh qilish bo‘yicha komissiya tuzildi. Saidov Bosh qonunga o‘zgartirishlar kiritish kerakligini so‘roq ostiga olgan internet-foydalanuvchilarini bilmasdan turib gapirishda aybladi va «hozir butun dunyoda konstitutsiyaviy islohotlar sharpasi kezib yurganligi»ni ta’kidladi. U Konstitutsiyasiga so‘nggi o‘zgartirish 30 yil oldin kiritilgan AQShni misol tariqasida keltirdi.

Senat raisining o‘rinbosari Sodiq Safoyev amaldagi Konstitutsiya bilan barcha kutilgan o‘zgarishlarni amalga oshirishning imkoni yo‘qligini ta’kidladi. U mamlakat aholisi ko‘p yillardan buyon ko‘tarayotgan savolni misol qilib keltirdi: qachongacha hokimlar ham ijro, ham vakillik hokimiyati rahbari bo‘ladi. Bunday bo‘shliqlar Konstitutsiyada haqiqatdan ham bor.

Iqtisodchi, Bakiroo Telegram-kanali muallifi Otabek Bakirov O‘zbekistondagi oldingi konstitutsion islohotlar asosan Konstitutsiyaning 90-moddasi talablarini chetlab o‘tish va prezidentlik muddatlarini «nollashtirish» uchun qilinganligini eslatdi. Ushbu moddada ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston prezidenti bo‘lishi mumkin emasligi belgilangan.

1995 yilda, prezident Islom Karimovning vakolatlari tugashidan bir yil oldin O‘zbekistonda prezidentning vakolatlarini 2000 yilgacha uzaytirish to‘g‘risida referendum bo‘lib o‘tgan edi. Prezident referendum natijalarini ikkinchi muddatga qayta saylanish deb e’tirof etishi haqida bayonot bergan edi, biroq 2000 yilgi saylovlarda uning nomzodi yana ko‘rsatildi. 2003 yilda Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritildi, shu jumladan prezidentlik vakolatlari muddati besh yildan yetti yilga oshirildi va prezident saylovlarini prezident vakolatlari tugaydigan yilning dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazish belgilandi. Biroq surunkasiga ikki muddatdan oshiq lavozimda qolish mumkin emasligi cheklovi o‘z kuchida qoldi.

Shunga qaramasdan, 2007 yilda Islom Karimov nomzodi yana bir marotaba davlat rahbari lavozimiga ko‘rsatildi. YeXHT DIIHB ning saylovlarni kuzatish bo‘yicha cheklangan missiyasi o‘z hisobotida shunday yozgan edi: «Markaziy saylov komissiyasi pozitsiyasiga binoan, 1992 yilda Konstitutsiya qabul qilinganidan so‘ng prezident Karimov bir marotaba 2000 yilda saylangan, shunday qilib Konstitutsiyaning 90-moddasiga muvofiq qayta saylanish huquqiga ega».

MSK 2007 yilgi saylovlarni Islom Karimovning ikkinchi prezidentlik muddati (demak, oxirgisi) deb hisoblaganiga qaramasdan, uning nomzodi 2015 yilgi saylovlarda ham ilgari surildi. YeXHT DIIHB ning cheklangan missiyasi o‘z yakuniy hisobotida buni «qonun ustuvorligi umumiy tamoyilining buzilishi» deb baholadi va o‘z tavsiyalarida «Konstitutsiyaga rioya qilish shart, va Konstitutsion sud tayinlangan organ sifatida Konstitutsiya normalarini sharhlashi kerak», deb yozgan edi.

26 may kuni Konstitutsion komissiyaning yig‘ilishida hozirgacha konstitutsiyaga o‘zgartirishlar bo‘yicha kelib tushgan takliflar 13,15, 29, 37, 40, 41, 53, 78 va 80-moddalarga bog‘liq ekanligi aytildi. Ya’ni, hozircha 90-moddaga o‘zgartirish kiritish masalasi muhokama qilingani yo‘q.

Dunyo bo‘ylab o‘nlab misollar bor

O‘zbekisiton prezidentlik muddatini «nollashtirish»ga harakat qilingan yagona davlat emas. AQShdagi Virjiniya Universiteti huquq fakulteti tadqiqotchilari turli xil mamlakatlardagi 60 ta shunday urinishlarni o‘rganishdi va tizimlashtirishdi.

Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, konstitutsion cheklovlarni chetlab o‘tishning eng keng tarqalgan strategiyasi konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘lgan — o‘rganilgan «nollashtirish» holatlarining 60% da bosh qonunga o‘zgartirish kiritilgan, ularning 60% muvaffaqiyatli bo‘lgan. 8% xolatlarda yangi konstitutsiya qabul qilingan va shu orqali eski konstitutsiya bo‘yicha muddatlar hisobga olinmasligi e’lon qilingan («oq qog‘oz» nazariyasi) — ularning barchasi muvaffaqiyatli kechgan.

«Nollashtirish» uchun konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartirishlar turli xil bo‘lishi mumkin — muddatlar bo‘yicha cheklovlarni olib tashlashdan boshlab muddatlar soni yoki muddatlar yilini o‘zgartirishgacha, yoki bir nechta o‘zgartirishlar kombinatsiyasi. Masalan, 2018 yilda Xitoy Xalq Respublikasi konstitutsiyasining 45-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlar mamlakat prezidenti va vitse-prezidenti uchun surunkasiga faqatgina ikki muddat bo‘yicha cheklovlarni olib tashladi. Ushbu o‘zgartirishlarni yoqlab ko‘pchilik ovoz bergan bo‘lsa-da, ayrim tanqidchilar bu «xaosga olib kelishi» va «tarixchilar tomonidan fars deb baholanishi» haqida o‘z xavotirlarini bildirishgan edi.

2004 yilda Belarus prezidenti Aleksand Lukashenkoning ikkinchi muddati tugashidan bir oz vaqt oldin mamlakat Konstitutsiyasidan prezidentlik vakolatlari muddati ikkita besh yillik muddatlar bilan cheklanishi haqidagi cheklovlar olib tashlandi. Lukashenkoning uchinchi va to‘rtinchi muddatlari moliyaviy inqiroz fonida kechda, oltinchisi esa ommaviy namoyishlar bilan boshlandi.

«Nollashtirish»ning yana bir qiziq holati — konstitutsion cheklovlarga qaramasdan alohida shaxsga qayta saylanish huquqini berish. Masalan, Kolumbiya konstitutsiyasining 197-moddasida «prezident sifatida xizmat qilgan har qanday fuqaro prezident etib qayta saylanishi mumkin emas» deb belgilanganligiga qaramasdan, 2015 yilda Alvaro Uribe «so‘lradikal kuchlar bilan kurashni davom ettirish» bahonasi bilan qayta saylanish huquqini qo‘lga kiritdi, biroq 2010 yilda uning uchinchi muddatga qayta saylanish urinishiga rad javobi berilgan edi. Uning prezidentligi qanday kechganligi bo‘yicha fikrlar bir-biridan farq qiladi, va keyinroq unga korrupsiya va guvohlarni og‘dirib olish bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan edi.

Tojikiston konstitutsiyasining 65-moddasi ayni bir shaxsga davlat rahbari lavozimini surunkasiga ikkita yetti yillik muddatdan ko‘proq egallashni taqiqlaydi. Biroq 2016 yilda qabul qilingan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ushbu cheklov Tinchlik va milliy birlik asoschisi — Millat yetakchisiga taalluqli emas. Konstitutsion qonunga muvofiq, Millat yetakchisi amaldagi prezident Emomali Rahmon hisoblanadi.

Shunga o‘xshash istisno — ikkita muddatdan ko‘proq saylanish huquqi — Qozog‘iston konstitutsiyasining 42-moddasiga ko‘ra mamlakatning birinchi prezidenti — konstitutsion qonun bilan Elboshi maqomi berilgan Nursulton Nazarboyevga ham kafolatlangan. Nazarboyev 30 yil davomida hokimiyat tepasida bo‘lishga erishdi, va tahlilchilarning qayd etishicha, hattoki o‘z xohishi bilan iste’foga chiqqandan keyin ham mamlakat siyosiy tizimi ustidan sezilarli nazoratni saqlab qolgan edi. Biroq yanvar voqealaridan so‘ng prezident Qasim-Jomart Toqayev tomonidan e’lon qilingan o‘zgartirishlar joriy qilinsa, Nazarboyev Elboshi maqomidan va maxsus imtiyozlardan ayrilishi kutilmoqda.

2020 yil Rossiya konstitutsiyasiga ko‘p sonli o‘zgartirishlar kiritildi, ulardan biri kosmonavt Valentina Tereshkova tomonidan taklif qilingan — Vladimir Putinning oldingi muddatlarini «nollashtirish» g‘oyasi bo‘ldi. Ushbu o‘zgartirishlar kiritilishi bilan Rossiyaning amaldagi prezidentida 2024 yilda prezidentlik vakolati muddati tugagach, yana ikki muddatga qayta saylanish imkoniyati paydo bo‘ldi. Ayrim tahlilchilarning ta’kidlashicha, uzoq yillar hokimiyat tepasida bo‘lganidan keyin Rossiya prezidenti atrofida «axborot pufagi» yuzaga kelgan, Putinga yoqmaydigan ma’lumot yetkazilmaydi — va unga real ma’lumotlarning yetib bormasligi o‘z navbatida Ukrainaga qarshi urush boshlanishining sabablaridan biri bo‘ldi, deydi ekspertlar.

Tadqiqotchilar Ugandada sodir bo‘lgan «nollashtirish» holatini ham eslashadi: fuqarolik urushidan so‘ng 1986 yilda hokimiyat tepasiga kelgan prezident Yoveri Museveni konstitutsiyadan prezidentlik muddati bo‘yicha cheklovni olib tashlaydi, biroq yosh bo‘yicha cheklovlarni olib tashlashni unutadi, va qayta saylanish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun yana konstitutsiyani o‘zgartirishiga to‘g‘ri keladi.

Tadqiqot mualliflari «nollashtirish»ga yo‘naltirilgan konstitutsion islohotlarning muvaffaqiyatiga quyidagi omillar ta’sir qilishini ta’kidlaydi: hokimiyatning davlat rahbari qo‘lida to‘planganligi darajasi va (yoki) uning xalq orasidagi obruyi, shuningdek konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish jarayonining nisbatan osonligi.

Biroq ular avtoritar mamlakatlarda rahbarning xalq orasida katta obro‘ga egadek tuyulishi haqiqatdan yiroq bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantiradi: «avtoritar prezidentlar hech qachon haqiqatdan ham xalq orasida obro‘ga ega ekanliklari haqida to‘liq ishonch hosil qila olmaydilar, va doimo kichik qarshilik ham muvaffaqiyat qozona olishi xatari mavjud bo‘ladi». Misol tariqasida mualliflar Paragvay, Burkina-Faso va boshqa bir nechta mamlakatlardagi omadsiz «nollashtirish»ga urinishlarni keltirishadi.

Tadqiqot mualliflari qayd etganidek, prezidentlik va yarim prezidentlik shaklidagi mamlakatlarda prezidentlik vakolati muddatlari bo‘yicha cheklovlar demokratik konstitutsion tizimni himoya qilish uchun kerak: «hokimiyat tepasida juda uzoq vaqt qolgan rahbarlar davlatning boshqa nazorat qiluvchi organlariga juda katta ta’sir o‘tkazishni boshlaydilar».

Umuman olganda, tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, qiziq paradoks kuzatiladi: vakolatlar muddatlari bo‘yicha cheklovlarga rioya qilinadigan rejimlar alohida shaxslarni ma’lum muddatdan so‘ng iste’foga chiqishga majbur qilishiga qaramasdan boshqa rejimlarga nisbatan mustahkamroq bo‘ladi. Konstitutsiyani isloh qilish bo‘yicha oldingi maqolamda hokimiyatning almashinuv instituti ham siyosiy, ham iqtisodiy jarayonlar uchun muhim ekanligi haqida yozgan boshqa tadqiqotlarni ham keltirib o‘tgandim.

O‘tmishdagi tajribani inobatga olib, Konstitutsion sud quyidagi savolga aniq va yuridik jihatdan asoslangan javob berishi lozim: islohotlar davomida 90-modda o‘zgarishsiz qolgan taqdirda ham amaldagi konstitutsion islohot «nollashtirish»ga olib keladimi? Ushbu savolga javob nafaqat mamlakatimizning jahon hamjamiyati ko‘z oldidagi imidji va turli xil xalqaro reytinglardagi o‘rnimizga, balki davlatimizning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanish yo‘liga ham ta’sir qiladi.

Muallifning fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.