26 may kuni Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiyaning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

«Gazeta.uz» muxbiri xabar berishicha, majlis davomida Parlament qarori bilan tashkil etilganiga 6 kun bo‘lgan Konstitutsiyaviy komissiyaga o‘nlab takliflar kelib tushgani ma’lum qilindi. Ularning mazmuni va qaysi moddalarga tegishliligi bo‘yicha dastlabki axborot o‘qib eshittirildi.

Tahlil guruhining rahbari Mirafzal Miraqulovning so‘zlariga ko‘ra, Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni boshlanganidan beri xalq, keng jamoatchilik tomonidan Asosiy qonunga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish bo‘yicha juda ko‘plab fikr-mulohazalar, takliflar bildirilmoqda.

«Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak takliflar Konstitutsiyamizning 13,15, 29, 37, 40, 41, 53, 78, 80-moddalari bilan bog‘liq. Xususan, insonning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi kerak degan mazmunda takliflar kelib tushmoqda», — dedi Mirafzal Miraqulov.

Mirafzal Miraqulov. Foto: Konstitutsiyaviy komissiya matbuot xizmati.

Qolaversa, fuqarolar tomonidan Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga ega bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi, sudlar, barcha davlat organlari, davlat xizmatchilari Konstitutsiyaga bevosita amal qilishlari kerakligi — «Asosiy qonun oliy yuridik kuchga ega» deb qayd etish zarurligi borasida ham takliflar yuborilgan.

«Shuningdek, har kimning axborot resurslari, kommunikatsiya texnologiyalari va internetdan erkin foydalanish huquqiga egaligi, davlatning aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarini ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlarni ta’minlash majburiyati, davlatning ishsizlik va kambag‘allikni tugatish uchun o‘zining barcha imkoniyatlaridan foydalanish majburiyati kabi takliflar kelib tushayapti», — dedi u.

Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori bo‘yicha ham firklar bildirilgan.

«Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning nafaqat o‘zi, balki oilasini ham hayot kechirishi uchun yetarli miqdorda bo‘lishi kerak, buni Konstitutsiyada yozib qo‘yinglar, degan takliflar ham kelib tushmoqda. Shu bilan birgalikda davlatni aholi ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarini ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlarni Konstitutsiyada yozib qo‘yish kerak, ijtimoiy davlatning muhim belgilaridan biri degan mazmunda ham takliflar mavjud», — dedi Mirafzal Miraqulov.

Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va tibbiy sug‘urtani yaxshilash bo‘yicha ham takliflar yo‘q emas.

«Konstitutsiyada har bir insonning sog‘lom va qulay atrof-muhitga, uning holati haqidagi haqqoniy axborotga ega bo‘lish hamda o‘z sog‘ligiga yoki mulkiga ekologik huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi kerakligi qayd qilinishi kerak degan takliflar ham kelib tushmoqda. Shuningdek, davlat har bir bolani umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirishi uchun davlatga qarashli maktabgacha ta’lim tashkilotlarida umumiy o‘rta ta’limga majburiy 1 yillik tayyorgarlikdan o‘tish huquqini kafolatlashi lozimligi, davlat iqtidorli yoshlarni ularning moddiy ahvolidan qat’i nazar, ta’limni davom ettirishni kafolatlashi kerak degan mazmunda ham takliflar mavjud», — dedi komissiya a’zosi.

Shu bilan birga, davlat xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit hamda sharoitlarni ta’minlashi, iqtisodiy faoliyatda insofsiz raqobatga, monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi va boshqa takliflar bildirilmoqda.

«Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda Konstitutsiyaviy komissiya matbuot kotibi Odiljon Tojiyev takliflarni qabul qilish muddatiga to‘xtalib o‘tdi va fikr-mulohazalar loyihani Qonunchilik palatasida muhokama qilish davrida ham inobatga olinishini qayd etdi.

«Konstitutsiyaviy komissiya loyihani Senat va Qonunchilik palatasining kengashiga topishiradi. Ana shunda kengash loyihani qabul qilish masalasini hal qiladi, ya’ni qonunni qabul qilish subyektlari bor. Qonun loyihasi Qonunchilik palatasida ko‘rilayotganda ham takliflarni qabul qilaveramiz. Chunki bu deputatlarga ham qiziq, hali loyiha muhokamasi ketayotgan bo‘ladi. Men o‘ylaymanki, Konstitutsiya qabul qilingunga qadar takliflar foydadan holi bo‘lmasa kerak», — dedi u.

Odiljon Tojiyev. Foto: Konstitutsiyaviy komissiya matbuot xizmati.

Shuningdek, Odiljon Tojiyev «Gazeta.uz» muxbiriga Konstitutsiyaning 90-moddasiga o‘zgartirish yoki qo‘shimchalar kiritish yuzasidan ham takliflar kelib tushgani yoki yo‘qligiga oydinlik kiritib o‘tdi.

Konstitutsiyaning 90-moddasida «ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekistonning prezidenti bo‘lishi mumkin emasligi» qayd etilgan.

«Konstitutsiyaning moddalariga o‘zgartirish kiritish borasida hozir komissiya a’zosi sifatida ham javob berishga shoshmagan bo‘lar edim. Sababi u hozir loyiha va biz uning ishini boshlaganimizga 5 kun bo‘ldi. U hamma jarayonlardan o‘tishi kerak, shuning uchun men 1-moddasiga ham, boshqa moddalariga yoki umuman biror moddasida bu bo‘layapti deb aytishga shoshmagan bo‘lar edim. Loyiha ishlab chiqilganidan keyin albatta e’lon qilinadi. Men ikkita partiya (O‘zLiDeP va „Milliy tiklanish“ nazarda tutilmoqda — tahr.) fraksiyalaridan unaqa (90-moddaga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish bo‘yicha — tahr.) taklif va tashabbus tushganini eshitganim yo‘q», — dedi u.

Komissiya matbuot kotibi shuningdek, platforma va Telegram-botga kelib tushgan takliflar veb-sahifada yo‘nalishlar bo‘yicha saralanib turishi hamda statistik ma’lumotlar har komissiya yig‘ilishidan keyin bo‘lib o‘tadigan brifinglarda ma’lum qilib borilishini qo‘shimcha qildi.

Asosiy qonunni isloh qilish zarurati haqida birinchi bo‘lib prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zining noyabr oyidagi inauguratsiya nutqida aytib, bu mamlakat aholisidan kelib tushgan taklif ekanligini ta’kidlagandi. Konstitutsiyaning 29 yilligiga bag‘ishlangan nutqida esa davlat rahbari Bosh qomusga kiritilishi lozim bo‘lgan 9 ta yo‘nalishni belgilab bergandi. U o‘zgartirishlarni Konstitutsiyaning 30 yilligi arafasida — 2022 yil 8 dekabrga qadar kiritishni taklif qilgandi.

May oyida Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni boshlangani haqida O‘zLiDeP va «Milliy tiklanish» partiyalari fraksiyalari ma’lum qilishdi. 20 may kuni Parlament qarori bilan Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi. Unga amaldagi Konstitutsiyani ishlab chiqishda qatnashgan, Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov raislik qilishi belgilandi.

24 may kuni Konstitutsiyaviy komissiya rahbari Akmal Saidov Asosiy qonun islohoti zaruratini Karl Marks va Fridrix Engelsning «Kommunistik partiya manifesti»ga tayanib asoslantirishga harakat qilgandi. «Hozir butun dunyoda konstitutsiyaviy islohotlar sharpasi kezib yuribdi», — degandi u.