2021 yilda UzAuto Motors faoliyati yuzasidan kelib tushgan murojaatlarga asosan avtomobillarni yetkazib berish muddatlariga rioya etilmaganligi aniqlandi. Bu Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan joriy yil boshidan beri o‘tkazilgan tahlillar natijasida tasdiqlandi.

«Tahlillarga ko‘ra, 68 ta dilerlik tashkilotlari tomonidan 5 mingdan ortiq holatda avtomobillarni shartnomalarga muvofiq belgilangan muddatlarda yetkazib berilmaganligi aniqlandi», — deyiladi xabarda.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda belgilangan muddatda yetkazib berilmagan kunlar uchun iste’molchilarga penya to‘latib berish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, 3 martdan kompaniya o‘z shartnomasiga yetkazib berish kunlari kechiktirilgani uchun kompensatsiya hisoblash to‘g‘risidagi bandni kiritdi.

«Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 19-moddasiga muvofiq, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart.

Agar ijrochi shartnomani ijro etishga o‘z vaqtida kirishmasa yoki shartnomaning belgilangan muddatda bajarilmasligi ayon bo‘lib qolsa, iste’molchi ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomadan voz kechishga va yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqli. Ish bajarishni (xizmat ko‘rsatishni) boshlash va tugallash kechiktirilgan taqdirda, ijrochi iste’molchi har bir kechiktirilgan kun, soat (agar muddat soatlarda belgilangan bo‘lsa) uchun ish (xizmat) qiymatining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to‘laydi.

Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors 20 dekabr kuni 1 fevralga qadar Nexia, Spark, Cobalt va Lacetti avtomobillariga arizalar qabul qilishni to‘xtatgandi. Kompaniya bu vaqt ichida avvalgi buyurtmalar yetkazib berilishini ma’lum qilib, xaridorlardan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan. Ko‘rsatilgan muddatda esa Nexia, Spark, Cobalt va Lacetti avtomobillariga arizalar qabul qilish qayta tiklanmadi. «Gazeta.uz»ning avtomobil sanoatidagi manbasi bunga yanvardagi «blekaut» sabab bo‘lganini aytgandi.

11 fevralga kelib, Shavkat Mirziyoyev odamlar avtomobilga pul to‘lab qo‘yib, mashinasini ololmayotganini tanqid qilgandi. «Odamlar norozi, biz to‘lab qo‘yganmiz, mashinani ber ey davlat rahbarlari, deyapti. Xudoga shukr, iqtisodiyotimiz rivojlanyapti, odamlarning mashinaga talabi oshib boryapti», — degandi u.

O‘shanda prezident 1 mayga qadar navbatlarni bartaraf etish va UzAuto Motors avtomobillari uchun oldindan to‘lov 85 foizdan 50 foizgacha kamaytirishga ko‘rsatma bergandi. Bunga qadar deputat Rasul Kusherbayev esa hali olmagan avtomobili uchun odamlar 15 foiz to‘lov qilishi ham yetarli ekanligini ta’kidlagandi.

Fevral oyida «O‘zavtosanoat» boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov Uzauto Motors avtomobillarini xarid qilishdagi navbatlar buzilishi dilerlar bergan hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirishda sodir bo‘layotganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya mashina olishdagi navbatlarni aylanib o‘tish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida savdo ma’lumotlar bazasini YHXBB ma’lumotlar bazasi bilan integratsiyalashni rejalashtirmoqda.

4 mart sanasidan esa UzAuto Motors yangi avtomobillariga shartnoma tuzish boshlangan ilk kundayoq, sotilgan mashinalarning 52 foizi qayta sotish ehtimoli bilan xarid qilinganini ma’lum qildi. Xususan, bir shaxs tomonidan 35 ta avtoulovga shartnoma tuzilgani aniqlangan. Kompaniya qayta sotuvchilar uchun yetkazib berish muddatini yana 120 kunga oshirishini eslatib o‘tdi.