Shavkat Mirziyoyev Farg‘onaga tashrifini Oltiariqdan boshladi. Adirdagi 1000 gektarlik plantatsiya.

Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifini Oltiariqda tashkil etilgan adirlikdagi ming gektarlik plantatsiyadan boshladi. Bu yerda 560 gektarda tokzor barpo etilgan, 300 gektarlik intensiv bog‘da esa olma, gilos, o‘rik ko‘chatlari ekilmoqda. «Bu bog‘ va tokzorlar aholiga xususiylashtirib beriladi», — dedi prezident.

«Bundan ko‘ra uyimni yoqib yuborsa yaxshi edi». Farg‘onalik fermer tuman hokimi ustidan arz qilib, prezidentga murojaat yo‘lladi

Prezidentning Farg‘onaga tashrifi arafasida fermer Iqboljon Meliboyev Buvayda tumani hokimi ustidan shikoyat qilib, videomurojaat yo‘lladi. Buni yoritgan farg‘onalik jurnalistga bosim o‘tkazilgani va ishdan bo‘shash haqida ariza so‘ralgani aytildi. Farg‘ona viloyati hokimligi vaziyatni o‘rganishni boshladi. Jamoatchilik faollari esa mazkur holatni keskin qoralab, «fermer va jurnalistdan qo‘llarni tortishni» talab qilmoqda.

Inson a’zolari transplantatsiyasi to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi

Prezident inson a’zolari transplantatsiyasiga oid qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, inson a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish tibbiy xulosa asosida va bemorning yozma roziligi bilan amalga oshiriladi. Murda a’zolarini olishga esa uning tiriklik chog‘idagi notarial tartibda tasdiqlangan yozma roziligi mavjud bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi. Qonun bilan shuningdek, inson a’zolarini va to‘qimalarini olish taqiqlangan holatlar ham belgilab berildi.

So‘x-Rishton yo‘lida sel tufayli transport harakati to‘xtatildi

So‘x-Rishton avtomobil yo‘liga sel natijasida loy va toshlar oqib kelgani sababli transport vositalari harakati vaqtincha to‘xtatildi.

Samarqanddagi YTHda uch kishi halok bo‘ldi

Samarqand viloyatida Nexia avtomobilining kanalga tushib ketishi oqibatida ikki nafar maktab o‘quvchisi va 29 yoshli erkak halok bo‘ldi. Haydovchi va yana bir yo‘lovchi tirik qolgan, haydovchi voqea joyidan yashiringan.

Surxondaryo viloyatida 5 ballik zilzila sodir bo‘ldi

Payshanba kuni soat 15:27 da Surxondaryo viloyatida 5 ballik zilzila sodir bo‘ldi, epitsentr — Boysun tumani. Buning natijasida O‘zbekistonning o‘nlab hududlarida 2 balldan 5 ballgacha bo‘lgan yer silkinishlari kuzatildi.

O‘z fanidan xalqaro yoki milliy sertifikatga ega o‘qituvchilarga 50 foizgacha ustama to‘lanadi

Prezident qaroriga ko‘ra, maktablarda xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagoglarga 50%, milliy test tizimida olingan sertifikatga ega o‘qituvchilarga 20% ustama to‘lanadi. Kutubxona hodimlarining oyligi esa 1,2 baravarga oshiriladi. Qolaversa, 1 sentabrdan «Namunali maktab» reytingi joriy etiladi.

Air Marakanda ish va xizmatlari narxlari xorijiy valyutaga bog‘lanishiga ruxsat berildi

Prezident farmoni bilan Samarqand aeroportini boshqaruvchi Air Marakanda kompaniyasiga ish va xizmatlar narxlari chet el valyutalariga bog‘lanishiga ruxsat berildi.

Kutilayotgan suv tanqisligi sharoitida sug‘orish uchun suv olish limitlari tasdiqlandi

Hukumat kutilayotgan suv tanqisligi sharoitida O‘zbekistonda sug‘orish uchun suv olish limitlarini tasdiqladi. Mamlakat bo‘yicha limit 28,2 mlrd kub metr suvni tashkil etadi, bu o‘tgan yili olingan suvning taxminan 94,5 foiziga teng.

15 maydan Qozog‘istonga poyezdlar qatnovini tiklash rejalashtirilmoqda

May oyining o‘rtalaridan «Nukus — Beyneu — Nukus» va «Olmaota — Toshkent — Olmaota» temir yo‘l qatnovlari qayta tiklanmoqda. Ularning yo‘lga qo‘yilishi oldinroq rejalashtirilgandi, biroq Qozog‘istondagi karantin cheklovlari tufayli keyinga qoldirilgandi.

«O‘zbekneftgaz» raisiga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi

«O‘zbekneftgaz» kompaniyasida raisning transformatsiya masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, qurilish va transport hamda iqtisodiyot va moliya masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimga tayinlandi.

Hukumat aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun subsidiyalar ajratadi

Hukumat qaroriga muvofiq, endi xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlar qishloq xo‘jaligidagi shirkat xo‘jaligining ulushdori bo‘lish uchun subsidiya olishi mumkin. Shuningdek, ishsiz fuqarolar tadbirkorlik subyekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tsa, dastlabki 3 oyda bino va inshootlarning ijarasi qoplab beriladi. Qolaversa, issiqxona qurish, sug‘orish vositalari va ko‘chatlarni xarid qilish uchun 810 mingdan 8,1 mln so‘mgacha sudsidiya beriladi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

«IT — ayollarning ishi emasligini ko‘p aytishgan» — Amazon kompaniyasining biznes-tahlil bo‘yicha muhandisi Shahlo Xodjayeva

Amazon kompaniyasining biznes-tahlil bo‘yicha muhandisi Shahlo Xodjayeva — «Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasining navbatdagi mehmoni. U AQShda IT-mutaxassisi sifatidagi ish tajribasi, g‘arbcha va o‘zbekona turmush tarzi o‘rtasidagi farq hamda Amerika mehnat bozorida ish beruvchilar tomonidan qadrlanadigan xodimlarning shaxsiy fazilatlari to‘g‘risida so‘zlab berdi.

Poytaxtdagi bolalar maydonchasida bir nechta bolalar jiddiy jarohat oldi

Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi bolalar maydonchalaridan birida bir necha bola qo‘lidan og‘ir jarohatlar oldi, ayrimlarining barmoqlari amputatsiya qilindi. Mazkur maydoncha «Obod mahalla» dasturi doirasida 2021 yil sentabr oyida qurilgan edi.