O‘zbekiston Sharqiy Quddusdagi vaziyatni diplomatiya yo‘li bilan hal qilishga chaqirdi

O‘zbekiston TIV Sharqiy Quddusdagi vaziyat keskinlashganidan jiddiy xavotirdaligini bildirib, tomonlarni ixtilofni muloqot va diplomatiya yo‘li bilan hal qilish uchun vazminlik hamda siyosiy iroda ko‘rsatishga chaqirdi. Aprel o‘rtalaridan beri Falastin va Isroil o‘rtasidagi keskinlik yana kuchaygandi.

Uchtepa tumanida 33 nafar hokim yordamchisi hayfsan oldi

Shu yilning birinchi choragi bo‘yicha poytaxtning Uchtepa tumanida mahallalardagi hokim yordamchilarining faoliyati KPI tizimi bo‘yicha baholandi. Natijada 60 nafar hokim yordamchisidan 33 nafariga o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondashib kelayotgani uchun hayfsan berildi.

Toshkentda odamlarni yana soqol olishga majburlashdi

Toshkentda fuqarolarni yana IIBga olib borib, soqollarini olishga majburlashdi. Ulardan birining so‘zlariga ko‘ra, ularga 15 sutka qamoq bilan tahdid qilishgan va shundan keyin soqolini olishga majbur bo‘lishgan. IIV matbuot kotibi fuqarolar o‘z huquqlari poymol etilgan deb hisoblasa, shikoyat qilishi mumkinligini qayd etdi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston kosmik fazoni tadqiq etish sohasida hamkorlik qiladi

Prezident qarori bilan O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasida kosmik fazoni tinchlik maqsadlarida tadqiq etish va foydalanish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi.

Manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi ma’lumotlarni deklaratsiya qilish taklif etilmoqda

Adliya vazirligi manfaatlar to‘qnashuvini alohida qonun bilan tartibga solish taklifini bildirdi. Unga ko‘ra, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni deklaratsiya qilish va oldindan xabar berish tartibi belgilanmoqda, bunga amal qilmaganlar esa jarimaga tortiladi. Antikorrupsiya agentligiga ma’muriy bayonnoma tuzish vakolatini berish rejalashtirilmoqda.

Navoiyda UniSat dasturining 20 nafar o‘quvchisi nano sun’iy yo‘ldoshini uchirdi

UniSat ta’lim dasturining 20 nafar o‘quvchi-qizi Navoiy viloyatida o‘zi yasagan ultrazamonaviy nano sun’iy yo‘ldoshini stratosferaga uchirdi. Qizlar uning yordamida havoning ifloslanishi haqidagi ma’lumotlarni tahlil qiladi.

Andijonda sobiq bank xodimi va fermer $50 minglik imtiyozli kreditni o‘zlashtirgani aytilmoqda

Izboskan tumanida sobiq bank xodimi tadbirkor bilan birga issiqxona qurish uchun ajratilgan 50 ming dollar imtiyozli kreditni talon-toroj qilganlikda ayblanmoqda. Tekshiruv davomida yetkazilgan zararning 20 ming dollari undirilib, gumondorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tursunoy Jabborova og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempioni bo‘ldi

Gretsiyadagi og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘zbekistonlik Tursunoy Jabborova -87 kg vazn toifasida dast ko‘tarish va siltab ko‘tarish bo‘yicha jahon chempioni bo‘ldi.

SpaceX kompaniyasiga O‘zbekistonda vakolatxona ochish taklif etildi

AKT vaziri Sherzod Shermatov SpaceX vakili Ben Mak Vilyams bilan uchrashuvda kompaniyaga O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochish taklifini berdi. O‘zbekkosmos agentligi bilan esa Starlink loyihasini mamlakatga olib kirish masalasi muhokama qilindi.

Surxondaryoda Saljuqiylarga oid oltin dinor topildi

Termiz tumanida fuqaro bog‘ni sug‘orish chog‘ida og‘irligi 1,92 gramm bo‘lgan oltin tangalarni topib oldi. Termiz arxeologiya muzeyi mutaxassislari dinorlar Qoraxoniylar va Saljuqiylar davriga oidligini aniqladi. Fuqaro ularni muzeyga topshirdi.

Hafta salqin bo‘ladi, vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi

10−13 may kunlari havo salqin bo‘lishi kutilmoqda. Respublikaning ko‘pchilik hududlarida yog‘ingarchilik, momaqaldiroq bo‘lishi va shamol tezligining kuchayishi kutilmoqda. Hafta davomida tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel-toshqin hodisalari kuzatilishi mumkin.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Global beqarorlik sharoitida QQS bo‘yicha imtiyozlar narxlar o‘sishining oldini olishga yordam beradimi?

Global beqarorlik sharoitida ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirish va sotishda QQSning nol stavkasi muddati 31 dekabrgacha uzaytirildi. Imtiyozli davrning uzaytirilishi go‘sht va kartoshka bozorida kutilgan natijani berishi kutilmoqda, biroq o‘simlik yog‘i narxlari barqarorlashuvi uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin. Iqtisodchi, «Gazeta.uz» kolumnisti Mirkomil Xolboyev Ukrainadagi urush ortidan jahon iqtisodiyotida yuzaga kelgan tanglik sharoitida QQS imtiyozlarining ichki bozordagi narxlarga qanday ta’siri qilishi haqida so‘z yuritadi.

Frontdan maktublar. Urush qatnashchilari nimalar haqida yozishgan?

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari o‘z yaqinlariga xatlarda nimalar haqida yozishgan? «Gazeta.uz» Shon-sharaf muzeyi va «O‘zarxiv» agentligi taqdim etgan xatlar bilan bo‘lishmoqda. Jangchilar nafaqat o‘z yaqinlariga noma yo‘llagan, balki gazetalar tahririyatlariga urush haqidagi hikoyalarini yuborishgan va hattoki she’rlar ham yozishgan.