2022 yilning aprel oyida iste’mol bozoridagi inflyatsiya 1,47% ni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Oldingi yillarga taqqoslaganda oylik inflyatsiya sur’ati pasaygan. 2021 yilning aprel oyida tovarlar va xizmatlar oy davomida o‘rtacha 1,5% ga va 2020 yilning qat’iy karantin davriga to‘g‘ri kelgan mos davrida 1,7% ga qimmatlashgan.

Yil boshidan narxlarning o‘sish sur’ati 4,4%ni tashkil etdi, bu 2020 yilgi pandemiya davridagi ko‘rsatkichdan (4,5%) ozgina kamroq, lekin 2021 yilgi ko‘rsatkichdan (4,04%) yuqoriroq. Yillik nisbatda iste’mol sektorida narxlarning o‘sish sur’ati 10,4%ga yetdi (2021 yilda 10,7% va 2020 yilda 14,5% edi). Bu ko‘rsatkich mart oyida sal yuqorilagan edi.

Narxlar oshishi bo‘yicha yetakchilik bir oy avval bo‘lgani kabi oziq-ovqat mahsulotlariga tegishli bo‘lib, 2022 yil aprel oyi davomida ularning narxlari o‘rtacha 2,1%ga oshdi, o‘tgan yil apreliga nisbatan esa 13,4%ga oshdi. Ta’kidlash lozim, 2021 yil va 2020 yil aprelida oziq-ovqat narxlari o‘sishi bundan yuqori bo‘lgan, mos ravishda 3% va 3,3%.

Mavsumiy omillar sababli sabzavotlar va ildizmevalilar 3,6%ga (yil boshidan — 23%ga), mevalar — 2,6%ga (10,4%) qimmatlashgan. Ukrainadagi urush, Qozog‘iston va Rossiya davlatlarining ayrim mahsulotlar eksportini cheklaganliklari ortidan aprel oyida donli ekinlar narxi 2,8% ga (yil boshidan 5,7%ga), yog‘-moy mahsulotlari 2%ga (4,4%), shakar esa 1,7% (7,3%ga) ga oshgan.

2022 yilning aprel oyida yillik nisbatda sabzavotlar, ildizmevalilar, plantaynlar va dukkaklilar narxlari 33,3%ga oshdi, mevalar va yong‘oqlar 14,1% ga o‘sdi. Shakar 2022 yilning yanvar-aprelida (15,5%) va yillik nisbatda (30,5%) ham narxlar oshishi bo‘yicha yetakchi o‘rinni ushlab turishda davom etmoqda.

Aprel oyida oziq-ovqatlardan un 5,2%ga, sut 2,3%ga, kungaboqar yog‘i 2,5%ga, saryog‘ 2,2%ga, piyoz 10,7%ga, sabzi 10,1%ga yuqori darajada qimmatlagan.

Sanoat tovarlari (nooziq ovqat mahsulotlari) narxining o‘sishi oldingi yillardagi ko‘rsatkichlardan ancha yuqori bo‘ldi. Aprel oyida ular 1,4%ga qimmatladi (2020 yilning mos davrida 0,7% va 2021 yil aprelida 0,4%ga o‘sgan). 12 oy ichida narxlar 9,3% ga qimmatlashgan — 2020 yilda 9,5% va 2021 yilda 8,5%.

Maishiy texnika narxlari bir oy ichida 1%ga va yillik nisbatda 10%ga qimmatlashdi. Mebellar uchun ushbu ko‘rsatkich tegishli ravishda 1,2% va 8%ni tashkil etdi. Kiyim va poyabzal narxlari aprelda 1,1% ga, 12 oy ichida 7% ga qimmatlagan.

Xizmatlar bozorida inflyatsiya aprel oyida 0,5%ni tashkil qildi. Bu yerda eng sezilarli o‘sish restoranlar va mehmonxonalar xizmatlari sohasida kuzatilmoqda — 1,9%. Yillik nisbatda xizmatlar narxlari 6,5%ga oshgan bo‘lsa, 2021 aprelida bu ko‘rsatkich 8,6%ga va 2020 yilning mos davrida 13,8%ga teng edi.

Markaziy bank yil oxirida inflyatsiya ko‘rsatkichi 9%dan pasayishi mumkinligini e’lon qilgan edi, biroq Ukrainadagi harbiy harakatlardan so‘ng va Rossiyadan pul o‘tkazmalari hajmi qisqarishi kutilayotganligi sababli regulyator o‘z prognozini qayta ko‘rib chiqib, yillik inflyatsiyani 12−14% atrofida baholadi.