Surxondaryo viloyatining Angor tumanida 43 tup daraxt noqonuniy kesilgani aniqlandi. Bu Davlat ekologik nazorat inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda ma’lum bo‘ldi, deb xabar berdi Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga Angor tumani «Gulzor» mahallasi hududidagi 6-sonli Maktabgacha ta’lim muassasasida daraxt kesilayotgani haqida murojaat kelib tushgan.


O‘rganish natijasida, bino hududida 1 tup mojjevelnik, 1 tup rus daraxti va 41 tup tuya daraxtlarining tag qismidan noqonuniy kesib tashlanganligi aniqlandi.

Hozirda Davlat ekologik nazorat inspektorlari holatni o‘rganayotganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 30 dekabrdagi farmoni bilan mamlakatda daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy joriy qilindi. Shunga qaramasdan hududlarda daraxtlarni noqonuniy kesish holatlari davom etmoqda.

Masalan, Qo‘qon shahrida fuqaro ruxsatsiz 3 tup chinor daraxtini kesib tashlagani aniqlandi.

Bundan tashqari, 3 ferval kuni Toshkentning Yunusobod tumanida Amir Temur va Chinobod ko‘chalari chorrahasi yonida joylashgan ko‘p qavatli uylar bilan avtomobil yo‘li orasidagi daraxtlarga uchinchi marotaba suiqasd qilingani haqida yozgandik. Tadbirkor soat 18:13 da beton aralashtiruvchi mashina va 15 ga yaqin ishchilar bilan kelib, daraxtlar tagini betonlab tashladi. Uning bu harakatlari videokuzatuv kameralariga tushib qolgan. Aholi murojaatiga ko‘ra, «Gazeta.uz» voqea joyiga yetib borib, videoreportaj tayyorladi.