Sobiq Milliy bog‘ ro‘parasidagi «Katta Olmazor» turar-joy massivida va Toshkent shahar hokimligi hamda arxitektura va obodonlashtirish bosh boshqarmalariga yaqin hududda joylashgan uylardagi mozaikalar bir vaqtning o‘zida bo‘yashga tayyorlanmoqda. Mozaikalar ko‘p yillardan beri O‘zbekiston poytaxtining tashrif qog‘ozlaridan biri sifatida yaxshi tanilgan.


Bo‘yash uchun mozaikani tayyorlash. 14 va 15/1 uylar. Uyning Milliy bog‘ tomonidan ko‘rinishi. 2022 yil 28 mart.

1970 yillarning oxiri va 1980 yillarning boshlarida qurilgan bu to‘qqiz qavatli uylarning burchaklari va fasad qismlari aka-uka Jarskiylar rahbarligida yaratilgan ulkan mozaik pannolar bilan bezatilgan. Bunday pannolar shahardagi ko‘plab besh va to‘qqiz qavatli binolarda mavjud. So‘nggi o‘n yilliklarda ularning katta qismi yo‘qotilgan. Aholi noroziligi va mutaxassislarning tanqidiga qaramay, ko‘chalarni rekonstruksiya qilish, uylarni ta’mirlash jarayonida pannolarni bo‘yab tashlash ishlari davom ettirilmoqda.


Massiv ichidagi 14-uy. Mozaika qisman beton aralashmasi bilan qoplangan. Orqa fonda 10-uy bor, uning burchagi qariyb butunlay bo‘yalgan.

Pannolarni bo‘yash haqida navbatdagi xabarlar o‘tgan hafta oxirida tarqaldi. Agar ilgari mozaika bo‘yoq bilan bo‘yalgan bo‘lsa, hozirgi «rekonstruksiya» ko‘proq kapital ta’mirlashga o‘xshaydi. Ya’ni, fasadlar oldin maxsus qoplama vositasida (pushti rangdagi) ishlov berilib, beton aralashma bilan qoplanmoqda, keyin esa uning ustiga bo‘yoq surtiladi.


14-sonli uyga to‘liq pushti rangli maxsus qoplama vositasida ishlov berilgan.

«Katta Olmazor» mahallasida bo‘lgan «Gazeta.uz» muxbiri massiv ichida joylashgan ikkita va M.G‘ofurov ko‘chasi bo‘yidagi bitta uydan tashqari aksariyat ko‘p qavatli uylar bo‘yash jarayoniga tayyorlanganiga guvoh bo‘ldi.


14-uyning fonida ta’mirlanmagan 9A-uy.

Massiv joylashgan Chilonzor tuman hokimligi dushanba kuni «bu uylar qurilganiga 40 yildan oshgani bois, ularning fasadidagi mozaikalar ham ta’mirga muhtoj holatda», deya munosabat bildirdi.


Maktab yonidagi 10-uyning burchagi. Uyning fasadi va ichki qismi ham mozaika bilan bezatilgan.

Xabarda aytilishicha, 3 mart kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi tomonidan Toshkent shahrida ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish to‘g‘risida (VI-57−50−14−0-K/22-sonli) qaror qabul qilingan. Unga ko‘ra, pudratchi tashkilot tomonidan mahalladagi 9 qavatli uylarning fasadlarida ta’mirlash ishlari boshlangan.


10-uyning hovli tomondan ko‘rinishi.

«Lekin shu yerda yashovchilarning ayrimlarida ta’mirlash ishlariga e’tiroz bo‘lgani sababli hozirda uylarning yon qismidagi kafelli mozaikalarni bo‘yash ishlari to‘xtatilgan. Uylarning old va orqa qismlaridagi fasadlarni ta’mirlash ishlari davom ettirilmoqda», — deyiladi xabarda.


16-sonli uyning burchagidagi mozaika (o‘ngda) pushti maxsus qoplama vositasi bilan ishlangan. Chapda hali ta’mirlanmagan 16/1-uy.


16-uyning ichki qismidagi ishchilar binoni beton aralashma bilan qoplash ishlarini davom ettirmoqda.


Bo‘yashga tayyorlangan мозаикали 16-uy (chapda) hamda allaqachon bo‘yalgan 15/3-uy. Milliy bog‘ tomondan ko‘rinish.

Uylar bir muncha vaqt pushti rangga bo‘yalganini hisobga olsak, ularda yashovchi aholi mozaika beton aralashma bilan qoplanishidan oldin, ta’mirlash ishlari qanday bo‘lishini bilishmagan deb taxmin qilish mumkin.


15/3-uy (chapda) va 16/1-uy. Muqimiy teatri tomonidan ko‘rinishi (M.G‘ofurov ko‘chasi).

Avvalroq, Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi internetdagi xabarlarga munosabat bildirgandi. Agentlik 150 dan ortiq fasad qismida tarixiy-badiiy ahamiyatga ega mozaikalar bo‘lgan uylarni davlat himoyasiga olish ishlari amalga oshirilayotganini ma’lum qildi. Mozaikalar madaniy meros obektlari ro‘yxatiga kiritilgach, ularga zarar yetkazganlar jazolanadi.

Massiv ichidagi hali ta’mirlanmagan 9A va 9-uylar.

9A va 9-uylarning fasadlari ham mozaika bilan qoplangan.

7-sonli uyning burchagidagi mozaika.


Xuddi shu uyning fasadi bo‘yash uchun tayyorlanmoqda.


7-uyning yonida joylashgan 6-uy (chapda) va 15-uy. Milliy bog‘ tomondan ko‘rinish.


14 va 15/1 uylar. Milliy bog‘ tomondan ko‘rinish.

Qayd etish joizki, Furqat ko‘chasidan pastroqda, Bobur ko‘chasiga o‘tuvchi yo‘lda (bu Yakkasaroy tumani) bo‘yash uchun tayyorlangan to‘qqiz qavatli mozaikali 61-uy ham bor.


Bobur ko‘chasidagi 61-uy.


Bobur ko‘chasidagi 61-uy.

Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov fevral oyi o‘rtalarida shaharliklar va jurnalistlarga Bobur ko‘chasi rekonstruksiya qilinishi haqida ma’lumot bergandi. U loyiha dastlabki bosqichdaligi, uni muvofiqlashtirish va tasdiqlash jarayoni ikki-uch oy davom etishi mumkinligini aytgan edi, lekin ishlar ertaroq boshlab yuborilgan.

Bobur ko‘chasidagi uylar.

Aeroportga olib boruvchi Bobur ko‘chasining ikki tomonida mozaik pannoli ko‘plab uylar joylashgan.

Ba’zi manbalarda aytilishicha, O‘zbekistonda 20 yildan ortiq mehnat qilgan aka-uka Jarskiylar ishtirokida kamida 400 ta ko‘p qavatli turar-joy binolari bezatilgan («Traditsionnost xudojnikov Jarskix v dekorirovanii mnogoetajnыx domov», Sultanova, D. N. 2018). «O‘zbekiston mozaikasi» guruhida respublikaning turli shaharlarida joylashgan mozaikali binolar suratlarining katta to‘plami jamlangan.

Bir necha yil muqaddam Toshkent shahar hokimligi huzuridagi jamoat kengashida o‘tkazilgan muhokamada mozaikali barcha binolarning reyestrini yaratish masalasi ko‘tarilgan edi. Biroq, bu ish qaysi bosqichda ekanligi ham noma’lum.