2021 yilda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimidagi 479 ta ta’lim muassasasida monitoring va profilaktika tadbirlari o‘tkazildi. Bu haqda vazirlikning ichki audit boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Toshmatov AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, ushbu tadbirlar natijasida 49 ta oliy ta’lim muassasasida 9,4 mlrd so‘mlik, 253 ta professional ta’lim muassasasida 7 mlrd so‘mlik, jami 302 ta ta’lim muassasasida 16,4 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

Shu bilan birga, 11,4 mlrd so‘mlik maqsadsiz va ortiqcha xarajatlarning (amaldagi me’yoriy normativlarga nisbatan ortiqcha shtatlarni saqlash holati, ortiqcha hisoblangan ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, ta’mirlash xarajatlari, ijara to‘lovlari, inventarizatsiya jarayonida aniqlangan inventarlar kamomadi, debitor-kreditor qarzdorliklar hamda boshqa turdagi hisob-kitoblar) oldi olingan.

Bundan tashqari, 2,3 mlrd so‘mlik kamomad yoki ortiqchaliklar keyingi oylarda hisob-kitob qilish uchun undiruvga qaratilgan.

2 ta oliy ta’lim hamda 10 ta kasbiy ta’lim muassasasida o‘tkazilgan profilaktika tadbirlarida aniqlangan 2,7 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarda jinoyat alomatlari mavjudligi sababli o‘rganish materiallari rasmiylashtirilib, huquqiy baho berish va qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza etuvchi organlarga yuborildi.

“Yuqorida aytib o‘tilgan moliyaviy qonun buzilishlarga yo‘l qo‘ygan mas’ullarning bilib yoki bilmasdan xato qilishlari, bu — ularni javobgarlikdan xalos etmaydi. Shu sababli, ko‘rsatib o‘tilgan xato va kamchiliklarga, moliyaviy qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan rahbar va mas’ul xodimlarning 161 nafariга nisbatan intizomiy jazo qo‘llanildi, 46 nafari esa egallab turgan lavozimidan ozod etildi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Xalq ta’limi vazirligi 2021 yilda ta’lim muassasalari 91,1 mlrd so‘mlik moliyaviy xatoga yo‘l qo‘ygani, shundan 27,1 mlrd so‘m talon-toroj qilingani aniqlangani xabar qilingandi.