18 fevral kuni O‘zbekiston hududi bo‘yicha kecha boshlangan havoning isishi davom etadi, deb xabar berdi «O‘zgidromet» matbuot xizmati.

Respublikaning barcha hududlarida quruq va kam bulutli ob-havo kutilmoqda. Kunduzi havo +10, +13 darajagacha isiydi. Tog‘li hududlarda qor ko‘chishi xavfi saqlanib turadi.

Dam olish kunlari respublika hududining katta qismida quruq ob-havo hukm suradi. Faqat 19 fevralda Surxondaryo viloyati, 20 fevralda Samarqand, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarining ba’zi joylarida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda yomg‘ir va ho‘l qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkin.

Tungi sovuqlar asta-sekin chekinib, kunduz kunlari ko‘proq bahor fasli uchun xos bo‘lgan qiymatlargacha isiydi. 20 fevralga kelib, harorat kechasi +2, +7 daraja iliq, kunduzgi vaqt esa +15, +17 iliq, janubda harorat +18, +20 darajagacha yetadi.