O‘zbekistonda bojxona xizmatlarini raqamlashtirishni 2023 yilda 100 foizga yetkazish bo‘yicha dastur qabul qilinadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bojxona ma’murchiligini yanada takomillashtirish va sohani korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda aytib o‘tildi.

Prezident yig‘ilishda bojxona xizmatlarini raqamlashtirish 2022 yilda 70 foizga, 2023 yilda 100 foizga yetkazish bo‘yicha dastur qabul qilish vazifasini qo‘ydi.

«Bojxona boshqa davlat idoralariga namuna bo‘lishi kerak» — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, davlat rahbari bojxona tizimida «korrupsiyadan xoli» dasturini amalga oshirish soha rahbarlarining eng ustuvor vazifasi bo‘lishi shartligini ko‘rsatib o‘tdi.

Topshiriqqa ko‘ra sohada zamonaviy komplayens tizimi joriy qilinadi.

Jumladan, 1 maydan boshlab yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirish postlardan chiqariladi va tadbirkor bilan bevosita muloqotsiz, masofaviy amalga oshiriladi. 1 iyuldan tovarlar kodi va qiymatini belgilash, bojxona ko‘rigini o‘tkazish, imtiyozli deklaratsiya rasmiylashtirishda korrupsion xavflar avtomatlashgan tizim orqali aniqlanadi.

Shuningdek, 1 sentabrdan boshlab barcha elektron bojxona xizmatlari «yagona darcha» tizimi orqali ko‘rsatiladi.

Yil yakuniga qadar bojxona ko‘rigi jarayonlarini to‘liq qamrab olgan elektron tizim ishga tushirish rejalashtirilgan.