11 fevral kuni Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan mamlakatda bo‘lib turgan Qozog‘iston bosh vaziri Alixan Smailovni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida bosh vazir Alixan Smailov O‘zbekiston yetakchisiga Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi, deyiladi xabarda.

O‘tgan yil dekabr oyidagi sammitda O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari erishgan kelishuvlarning amalga oshirilishini ta’minlash borasida ikki mamlakat hukumatlari tomonidan qabul qilinayotgan choralar ko‘rib chiqildi.

Tovar ayirboshlash hajmini orttirish va uning ko‘rsatkichlari muvozanatli bo‘lishiga erishish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, yangi sanoat kooperatsiyasi va logistika markazlari tashkil etishni jadallashtirish, suv, energetika va transport-kommunikatsiya sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, hududlararo muloqotlar va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.