Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatidagi 22-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining (IDUM) bosh hisobchisi o‘zini osib qo‘ygani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat prokuraturasining rasmiy bayonotiga ko‘ra, voqea 2019 yilda sodir bo‘lgan.

22-sonli IDUMda 2010−2019 yillardagi moliyaviy xo‘jalik faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan taftish natijasida maktab mansabdor shaxslari tomonidan 159 mln 300 ming 112 so‘mlik budjet mablag‘lari o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingani aniqlangan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov o‘tkazilgan.

Maktab bosh hisobchisi O.Toshboltayev 2019 yilning 21 noyabrida o‘z hovlisining yordamchi xonasida osilgan holda topilgan. Tergovga qadar tekshiruvda uning o‘limida biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmagan. Shu sababli, o‘sha yilni 20 dekabrida JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan.

Birinchi marta uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganligi, aybiga to‘liq iqrorligi, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, yetkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplagani sababli jinoyat ishining maktab direktori D.Sadriddinovaga oid qismi 2020 yil 30 iyunda JPKning 84-moddasi 5-qismi 2-bandiga asosan tugatilgan.

Tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, 22-sonli IDUM direktorining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari U.Yo‘ldoshev JKning 167-moddasi 2-qismi «a,b,v,g» bandlari (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi 2-qismi (mansab soxtakorligini takroran sodir etish) «a» bandi bilan ayblanib, jinoyat ishi sudga yuborilgan.

Unga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining 2020 yil 24 sentabrdagi hukmi bilan jazo tayinlangan.