Huquqni muxofaza qiluvchi idoralar tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Tavhid va jihod katibati» terrorchilik tashkilotiga a’zolikda gumonlangan 30 nafar fuqaro ushlandi, deb xabar berdi DXX.

Mazkur tashkilot O‘zbekiston Oliy sudining 2016 yil 26 sentabrdagi qarori bilan terroristik tashkilot deb topilib, mamlakat hududida uning faoliyati taqiqlangan.

Qo‘lga olinganlar yoshlardan iborat bo‘lib, ularning ayrimlari Andijon, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridan Toshkent shahriga ishlash maqsadida kelganliklari ma’lum bo‘lgan. Ular Toshkent shahri hududida jamoaviy yig‘inlarni o‘tkazib, kelgusida Suriya hududida faoliyat yuritayotgan terrorchilik tashkilotlarining safiga qo‘shilishni rejalashtirib kelganligi aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 19 fevralida «TJK» ning 21 a’zosi ushlangandi. O‘shanda ularning yashash manzillaridan jinoyatga aloqador bo‘lgan ashyoviy dalillar topilgan. 23 iyunda ham Toshkentda mazkur tashkilotning 25 nafar a’zosi qo‘lga olingan.

Noyabr oyida DXX tomonidan «Tavhid va jihod katibasi» terroristik tashkiloti ta’siriga tushib qolgan shaxs O‘zbekistonga olib kelingan. Shuningdek, 2022 yilning 12 yanvarida mazkur terroristik guruhda ishtirok etish va jihod g‘oyalarini tarqatishda gumon qilingan O‘zbekiston fuqarosi Rossiyada qo‘lga olingandi.