2022 yilning 3 oyida emlanganlik sertifikatini olgan fuqarolar o‘rtasida qimmatbaho yutuqli o‘yin tashkil etiladi, deya xabar bermoqda SSV.

O‘yin koronavirusga qarshi emlanganlik haqida sertifikat olganlar o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Bosh sovrin — avtomobil.

SSVning xabar chiqqanidan keyin qo‘shimcha qilishicha, avvalroq vaksina olgan fuqarolar ham shu yilning fevral oyidan boshlab o‘tkaziladigan mazkur yutuqli o‘yinda ishtirok etishlari mumkin.

Bundan tashqari, SSV O‘zbekiston bosh davlat sanitariya vrachining 2021 yil 17 iyuldagi 11-son qarorida 18 yoshdan katta aholi qatlamini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash belgilangani, qolaversa, Mehnat kodeksining 113-moddasiga ko‘ra, xodim emlanishni rad etsa, ish beruvchi uni ishga qo‘ymaslikka haqli ekanligini eslatib o‘tgan.

Shu sababli SSV tashkilotlardan xodimlarning 2022 yil 20 yanvarga qadar koronavirusga qarshi emlanishini ta’minlashni hamda sababsiz emlanmaganlarni ishga qo‘ymaslik choralarini ko‘rishini so‘ragan.

Ma’lumot o‘rnida, emlashga qarshi tibbiy ko‘rsatmalari bor fuqarolar bundan mustasno. Tibbiy cheklovlar ro‘yxati Sog‘liqni saqlash vazirligining internetdagi resurslarida mavjud.

20 nafardan ortiq emlanuvchisi bor tashkilotlarga esa sayyor emlash brigadasini jalb etish imkoniyati ham yaratib beriladi va emlash bepul amalga oshiriladi.