Ta’lim granti asosida o‘qigan talabalarning o‘qishni tugatgandan keyin 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilinadi. Bu haqda 8-may kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, davlat granti talabalar uchun ta’lim granti va ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant shakliga bo‘linadi. Avvalroq yozganimizdek, bunda ta’lim granti talabalarga bir o‘quv yili uchun ajratiladi hamda 1-kursda o‘qishga kirish natijalari bo‘yicha, 2-kursdan boshlab reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan talabalarga ajratiladi.

Ta’lim granti asosida tahsil olgan talabalarning o‘qishni tugatgandan so‘ng 3 yil ishlab berish majburiyati bekor bo‘ladi. Ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant esa maqsadli qabul va imtiyoz asosida qabul qilingan talabalarga butun o‘qish davri uchun beriladi.

“Grant taqsimlanganidan keyin o‘z-o‘zidan doimiy ishlab berish majburiyati yo‘qoladi, diplomlari vaqtida beriladi. Hozir ham diplom olishda muammo yo‘q, [grantda o‘qigan] bitiruvchilarga elektron shakllantirilyapti. O‘tgan yildan boshlab bitiruvchilarimiz original diplomga deyarli kelishmayapti. Chunki xohlagan ish beruvchi yagona reyestrdan ko‘rib olyapti. Oldingidek vazirlikka rostdan ham shu oliygohda o‘qigani haqida xat yozish yo‘qolgan hozir”, — dedi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi departament boshlig‘i Abduvali Xoliqov.

Abduvali Xoliqov.Abduvali Xoliqov.

Grant kvotalari (davlat buyurtmasi parametrlari)ni amaldagi oliygohlar kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinib, bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari kesimida tasdiqlash tartibi joriy etiladi.

Ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlarga davlat buyurtmasi qisqartirilib, ushbu kvotalarni ustuvor ravishda muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalari orasida taqsimlanadi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, 2025-yildan boshlab davlat buyurtmasi parametrlari oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash va ularga bo‘lgan talab prognoziga muvofiq 4 yillik davr uchun tasdiqlanadi (hozirda u 1 yil). Grant o‘rinlari har bir yo‘nalish uchun respublika bo‘yicha to‘plangan ballar ketma-ketligiga ko‘ra abituriyentlarning tanloviga muvofiq amalga oshiriladi.

Shuningdek, sirtqi ta’lim shakli uchun kvotalarni kunduzgi ta’lim shakli uchun ajratilgan kvotadan oshirmaslik belgilanadi.