Davlat xavfsizlik xizmati Andijon viloyatida salkam 1,4 kg oltinni O‘zbekistondan noqonuniy olib chiqib ketishga uringan shaxslarni ushlagani haqida xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Andijon shahri va Andijon tumanida yashovchi 4 nafar shaxs “Do‘stlik” chegara-bojxona posti orqali mamlakatdan Qirg‘iz Respublikasiga zanjir, tish qolipi hamda lom shaklidagi tilla buyumlarni kiyimlari ichiga yashirgan holda olib chiqib ketishga uringan vaqtlarida ushlandi. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ularda asillik darajasi 997 bo‘lgan, jami vazni 556 gr, umumiy bahosi 474 mln 256 ming so‘mlik oltin buyumlar va qotishmalari borligi aniqlandi.

Boshqa holatda esa Izboskan tumanida yashovchi ayol “Madaniyat” chegara-bojxona posti orqali Qirg‘izistonga chiqib ketayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi. Unda zanjir va lom ko‘rinishidagi, 431,8 mln so‘mlik umumiy vazni 568 gr oltin borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.

Shuningdek, uning Namangan tumanida yashovchi ayol sherigi ham 249,2 mln so‘mlik 271 gr zanjir va nostandart quyma tillalarni noqonuniy olib chiqib ketayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi. Aniqlanishicha, ular buyumlarni Qirg‘iz Respublikasi orqali Turkiyaga olib ketishni rejalashtirishgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 182-moddasi (Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.