Qishki ta’til uzaytirilishi sabab OTMlarda o‘quv muddati o‘zgarmaydi

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov talabalar uchun qishki ta’til 24 yanvargacha uzaytirilgani ortidan OTMlarda o‘quv haftalari cho‘zilmasligini ma’lum qildi. Yangi kredit-modul tizimi tufayli talabalar ikkinchi semestrda 15 hafta o‘qiydi, ilgari 19−20 haftani tashkil qilgan.

Yunusobodda Malibu haydovchisini to‘xtatishda o‘qotar quroldan foydalanildi

Davlat raqamisiz bo‘lgan Malibu haydovchisi prezident tashrifi chog‘ida o‘rnatilgan cheklovlarga bo‘ysunmadi. Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari mashinaga qarata bir necha marotaba o‘q uzishdi. Haydovchi qo‘lga olingan. U mast holatda bo‘lgani aytilmoqda.

Denovdagi portlashda 226 ta ko‘chmas mulkka 22,6 mlrd so‘mlik zarar yetgan — FVV

FVV Denovdagi savdo majmuasida yuz bergan portlash oqibatida jami 226 ta ko‘chmas mulkka 22,6 mlrd so‘mlik zarar yetganini ma’lum qildi. Talofat ko‘rgan binolarning 25 tasi yaroqsiz deb topilgan, shundan 13 ta xonadon egalari boshqa joyga ko‘chirilib, uylari ta’mirlab berilmoqda.

Birjada AI-80 benzini narxi 6,3 foizga arzonlashdi

Shanba kuni ertalabki birja sessiyasi yakunlariga muvofiq, AI-80 markali benzinning narxi 6,3 foizga pasayib, bir tonna uchun — 7,47 mln so‘mni tashkil qildi.

Denovdagi portlash yuzasidan Hukumat komissiyasi xulosasi e’lon qilindi

Hukumat komissiyasi xulosasiga ko‘ra, Denov shahridagi «savdo majmuasidagi chaqnashda portlovchi moddalar qo‘llanilmagan». Majmua ostidan o‘tgan, biroq, foydalanishda bo‘lmagan quvurning 6 ta joyidan sizib chiqqan gaz bino ichida to‘plangan va portlash yuzaga kelgan. Voqeadan bir kun oldin shahar gaz ta’minoti bo‘limi ushbu uzilmay qolgan gaz quvuri liniyasini tarmoqqa ulagani aytilmoqda.

O‘zbekistonda «omikron» aniqlanmadi — Nurmat Otabekov

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusning «omikron» shtammi aniqlanmagan. «Biroq, ortiqcha xotirjamlikka berilish ham yaramaydi… Yangi shtammning yurtimizga kirib kelish ehtimoli yo‘q emas», — dedi u.

Navoiyda «Turizm ko‘chasi» bunyod etiladi

Navoiy shahrida sayyohlar uchun qiymati 13,7 mlrd so‘mlik «Turizm ko‘chasi» qurilishi boshlandi. Loyihaga ko‘ra, hududga yangi granit toshlari yotqiziladi, piyoda va velosiped yo‘laklari, selfi hududlar, mahalliy aholi va sayyohlar uchun ovqatlanish joylari bunyod etiladi.

Uchta xususiy bandlik agentligi litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi BHMning 8500 baravari miqdoridagi — 2,3 mlrd so‘m zaxira mablag‘larini to‘ldirmaganligi sababli uchta xususiy bandlik agentligi litsenziyasini vaqtincha to‘xtatdi.

8 kunda xarid cheklari uchun yig‘ilgan keshbek qariyb 950 mln so‘mni tashkil etdi

O‘zbekistonda yanvar oyi boshidan beri 10 mingdan ortiq iste’molchi 100 mingga yaqin xarid chekini keshbek uchun ro‘yxatdan o‘tkazdi. Fuqarolarda yig‘ilgan keshbek summasi esa 941 mln so‘mni tashkil qilmoqda.

«Gazeta.uz»da chiqqan maqolalar:

Qozog‘istondagi vaziyat O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin?

Qozog‘iston — O‘zbekistonning uchinchi raqamli yirik savdo hamkori hisoblanadi. Qo‘shni mamlakatdan katta hajmda neft mahsulotlari, don, cho‘yan, po‘lat va boshqa tovarlar import qilinadi. Shuningdek, O‘zbekiston uchun Qozog‘iston avtomobil, meva-sabzavot va boshqa mahsulotlar eksporti uchun muhim bozor hisoblanadi. «Gazeta.uz» ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar qanday tuzilganini o‘rganib chiqdi.