O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yaqin kunlarda olimlar, shifokorlar, farmatsevtlar, hamshiralar va tizim xodimlari bilan ochiq muloqot o‘tkazadi. Bu haqda SSV matbuot xizmati ma’lum qildi.

Vazirlik muloqotga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish, mavjud muammo va kamchiliklar to‘g‘risida axborot yig‘ish uchun maxsus «Call-markaz» ishga tushirdi.

«Call-markaz»ning 1295 raqami orqali fuqarolar hamda soha mutaxassislari o‘z takliflarini bildirishlari mumkin.

«Mazkur „Call-markaz“ Yangi O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimining buguni va ertasiga befarq bo‘lmagan tibbiyot xodimlarining faoliyatlari bilan bog‘liq masalalar, tizimdagi muammolar va sohani yanada rivojlantirishga turtki beradigan g‘oya va takliflari uchun ishlashni boshladi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, kelib tushgan savollarning bir qismi uchrashuvda prezidentga ham taqdim etiladi.

«Bu murojaatlarning aksariyati «Call-markaz»ga biriktirilgan mutasaddilar tomonidan hal qilinsa, bir qismi olimlar, shifokorlar, farmatsevtlar, hamshiralar va tizim xodimlari bilan bo‘ladigan ochiq muloqotda prezidentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkaziladi», — deyilgan vazirlik xabarida.

Avvalroq, «Gazeta.uz» 11 noyabr kuni sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga Behzod Musayev tayinlangani haqida yozgan edi. U birinchi kunidayoq avvalgi vazir Abduxakim Xadjibayevning buyrug‘i bilan qo‘llanilgan barcha intizomiy jazo choralarini bekor qildi.

Eslatib o‘tamiz, 20 avgust kuni Shavkat Mirziyoyev birinchi ochiq muloqotni tadbirkorlar bilan o‘tkazgan edi. O‘shanda «Gazeta.uz» ushbu uchrashuvda ta’kidlangan barcha muhim o‘zgarishlar haqida alohida maqola e’lon qilgandi.