O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov «Rossiya 24» telekanaliga bergan intervyusida Afg‘oniston muvaqqat hukumati bilan so‘nggi uchrashuvlar haqida so‘z yuritdi.

Eslatib o‘tamiz, 7 oktabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Afg‘oniston tashqi ishlar vazirligi rahbari vazifasini bajaruvchi Amir Xon Mottakiy bilan uchrashuvda tranzit, energetika va savdo masalalarini muhokama qilgan edi. Vazir Afg‘onistonning yangi rahbariyati O‘zbekistonga mamlakat hududidan tahdid va xavf-xatarlar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligiga «qat’iy va aniq kafolatlar» berganini aytgan edi.

«Bizningcha, „Tolibon“ voqelikni yaxshi anglamoqda. Yangi hukumat haqiqatdan ham mintaqaviy va kengroq xalqaro hamjamiyatga qo‘shilishni xohlaydi. Ular ba’zi ijobiy qadamlar tashlashga tayyor», — dedi Abdulaziz Kamilov.

«Tabiiyki, qirq yillik urush va turli mafkuralar mavjud bo‘lganidan keyin o‘zgarishlar qiyin kechadi. Shunga qaramay, ular allaqachon ba’zi qadamlarni qo‘ymoqda, biz buni qo‘llab-quvvatlaymiz, rag‘batlantiramiz va bu borada ular bilan birga ishlaymiz», — deya qo‘shimcha qildi vazir.

Aniq bir misol keltiraman: O‘zbekiston chegarasiga tutash Balx viloyatiga qilgan safarimizdan so‘ng ertasiga barcha qizlar maktabga borishdi. Boshqa viloyatlar ham shunga ergashdilar. «Tolibon» ayollar ta’lim, tibbiyot va boshqa sohalarda ishlashga va’da bermoqda. Yuzi ochiq qizlar, madaniyatli kiyim: pidjak, galstuk, oq ko‘ylakdagi yosh diktorlar televideniyeda ishlaydi… Ya’ni, hammasi asta-sekin o‘zgarib bormoqda", — deya ta’kidladi tashqi ishlar vaziri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Afg‘onistonning «o‘ziga xos xususiyati» bor, bu o‘z an’analari, dini va ma’naviy qadriyatlariga ega musulmon mamlakat. «Biroq, bizning fikrimizcha, Afg‘oniston mintaqaviy oila va xalqaro hamjamiyatning bir qismi bo‘lishga munosib bo‘lishi mumkin. Lekin buning uchun biz ular bilan ishlashimiz kerak, — deya ta’kidladi Abdulaziz Kamilov.

Vazir, shuningdek, Afg‘oniston muvaqqat hukumati rahbari o‘rinbosari Abdul-Salom Hanafiy boshchiligidagi katta afg‘on delegatsiyasining yaqinda bo‘lgan tashrifini ham eslatdi.

«Termizdagi muzokaralarda muvaqqat hukumatning deyarli butun tarkibi ishtirok etdi. Biz nafaqat vertikal — mamlakat rahbariyati darajasida, balki gorizontal yo‘nalishda ham har bir vazirlik va idora o‘z harakatlarini muvofiqlashtirib borishi uchun, deyarli barcha sohalarda — chegara xavfsizligi, iqtisodiy aloqalar, savdo, gumanitar yordam, ta’lim sohalarida hamkorlik qilishga kelishib oldik. Mamlakatimizda [afg‘on] talabalari tahsil oladi va ular o‘qishni davom ettiradilar», — dedi TIV rahbari.

Abdulaziz Kamilov Afg‘oniston bo‘yicha Moskva formatidagi maslahatlashuvlar muvaffaqiyatli o‘tganini ham qayd etdi.

«Umuman olganda afg‘on muammosi bo‘yicha O‘zbekiston va Rossiyaning qarashlari bir-biriga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, Afg‘oniston muammosi kabi o‘tkir muammo bo‘yicha birgalikdagi harakatlarimiz uchun ishonchli asos yaratadi», — dedi u.

«Moskva formati davomida hal etishni talab qiluvchi asosiy muammolar aniqlanganiga e’tibor qaratish lozim. Bundan tashqari, bu bir-biriga hech qanday da’volarsiz, xotirjam ruhda amalga oshirildi. Tushunganimizdek, asosiysi, biz „Tolibon“ bilan hamkorlik qilishimiz kerak», — dedi Abdulaziz Kamilov.

«Afg‘oniston bilan munosabatlarimizga kelsak, biz „Tolibon“ harakati bilan 90 yillarda aloqa o‘rnatganmiz. 1999 yilda biz O‘zbekistonda ularning hozirda (Afg‘oniston) tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaki boshchiligidagi delegatsiyasi taklifi bilan konferensiya o‘tkazgan edik», — deb eslatib o‘tdi u.

«Sergey Lavrovning [Moskva formatidagi yig‘ilishdagi] nutqida bu haqiqat ekanligi va undan qochib qutilib bo‘lmasligi haqidagi fikri yaxshi yangradi, shuning uchun biz bu yo‘nalishda birgalikda harakat qilishimiz kerak. Boshqa muqobil yo‘l yo‘q «, — dedi vazir.

«To‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqada bo‘lish, ta’sir o‘tkazish va rag‘batlantirish, yordam berishga harakat qilish boshqa narsa. Boshqa qit’ada o‘tirib, inklyuziv hukumat yaratishni talab qilish boshqa masala», — deya qo‘shimcha qildi Abdulaziz Komilov.

«Afg‘onlar va musulmon dunyosidagi hamkorlarimiz bilan muloqot qilish bo‘yicha tajribamizdan shuni aytishim mumkinki, Sharqdagi ko‘plab muhim masalalarni hal qilishning o‘ziga xos tomoni bor va shu sababli mavjud standart yondashuvlar har doim ham samarali bo‘lavermaydi. Shuning uchun biz [afg‘on hamkorlari bilan] doimiy aloqada bo‘lishga harakat qildik», — deya xulosa qildi TIV rahbari.