Afg‘oniston mojarosi bo‘yicha so‘nggi xabarlar

Afg‘onistondagi vaziyat:

  • «Tolibon» harakati Afg‘onistonda hokimiyatni egallaganidan so‘ng birinchi matbuot anjumanini o‘tkazdi. Harakat vakili Zabihullo Mujohid toliblar tinchlikda yashashni istashini va mamlakat hududini boshqa davlatlarga hujum uchun ishlatishga yo‘l qo‘ymasliklarini ta’kidladi.
  • «Tolibon» rasmiylari Afg‘onistondagi shia musulmonlarini Kobulda bo‘lib o‘tadigan Ashuro marosimida xavfsizlikni ta’minlaydilar, deb ishontirdilar. Mahalliy aholining aytishicha, bu yilgi tadbirlar oldingi yillarga qaraganda xavfsizroq o‘tkazilmoqda. Shia guruhlari sunniy radikallari tomonidan muntazam hujumga uchragan.
  • Afg‘oniston shimolida toliblarga qarshilik ko‘rsatish bo‘linmalari tuzilmoqda. Ularga «bir necha minggacha» odam kirishi mumkin, dedi TASS’ning hududdagi manbasi. «So‘nggi kunlarda mahalliy aholi vakillari, o‘zbeklar va hazoralardan iborat bo‘lgan qarshilik bo‘linmalari tuzilmoqda, ularning («Tolibon»ning — tahr.) hukumati bu yerda tan olinmagan va hech qachon tan olinmaydi», deya keltirmoqda manbaning so‘zlarini nashr. Nashrning manbaga tayanib xabar berishicha, «ayni paytda shimoli-sharqiy Kapisa va Taxor viloyatlarida «Tolibon» jangarilari va qarshilik bo‘linmalari o‘rtasida to‘qnashuvlar davom etmoqda».
  • Nangarhar viloyatining Jalolobod shahrida Afg‘oniston davlat bayrog‘ini qo‘llab-quvvatlash namoyishi paytida kamida uch kishi halok bo‘ldi, 10 kishi yaralangan. TASS’ning «Khaama Press»ga tayanib xabar berishicha, «Tolibon» a’zolari namoyishchilarga tinimsiz o‘q uzgan. Bundan tashqari, jangarilar namoyishlarni yoritayotgan ikki mahalliy jurnalistni kaltaklagani aytilmoqda. Jalolobodda to‘plangan namoyishchilar harakat rasmiylaridan Afg‘onistonning uch rangli odatdagi bayrog‘ini qoldirib, uni yangisiga o‘zgartirmaslikni so‘rashmoqda. Xuddi shunday norozilik aksiyasi Xost va Kunar viloyatlarida ham bo‘lib o‘tgan.

Afg‘oniston va dunyo hamjamiyati:

  • Britaniya hukumati Afg‘onistonga ko‘rsatiladigan gumanitar yordam miqdorini ikki baravar — 286 mln funtgacha (393 mln dollar) oshiradi. Bu mablag‘ BMTning tegishli tuzilmalari va nodavlat tashkilotlari orqali taqsimlanadi. «Biz bu pulni toliblar uchun ajratmayapmiz», dedi mamlakat bosh vaziri Boris Jonson. Shu bilan birga, mamlakatdan afg‘on muhojirlari deportatsiya qilinmasligi aytildi. Ma’lum qilinishicha, Buyuk Britaniya Afg‘onistondan 20 mingga yaqin qochqinni qabul qiladi.
  • 17 avgust kuni AQSh hukumati 1,1 mingga yaqin AQSh fuqarosi, Amerikada yashash huquqiga ega bo‘lganlar va ularning oila a’zolarini Afg‘onistondan evakuatsiya qildi. So‘nggi kunlarda 3,2 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingani aytilmoqda.
  • Germaniyaning harbiy transport samolyoti Kobuldan 139 kishini olib chiqdi.
  • Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Tokayev respublika Tashqi ishlar vazirligiga Afg‘onistondan etnik qozoqlarni qaytarish masalasini ishlab chiqishni topshirdi. Afg‘oniston hududida 15 ga yaqin etnik qozoqlar oilasi yashaydi, bu taxminan 200 kishi. Shu bilan birga, TIV rasmiy vakili hozirda Qozog‘iston Afg‘onistondan qochqinlarni qabul qilish masalasini ko‘rib chiqmayotganini ta’kidladi.
  • Afg‘onistonning Tojikistondagi elchixonasi Interpoldan sobiq prezident Ashraf G‘anini davlat mablag‘larini o‘zlashtirgani uchun hibsga olishni so‘radi. Elchixona, shuningdek, sobiq milliy xavfsizlik maslahatchisi Hamdulloh Mohib va prezident ma’muriyatining sobiq rahbari Fazl Mahmud Fazlini ham xuddi shu ayblov bilan hibsga olishni talab qilmoqda. Elchixonaga ko‘ra, bu chora o‘g‘irlangan mablag‘larni Afg‘onistonga qaytarishga yordam berishi kerak. 16 avgust kuni Rossiyaning Kobuldagi elchixonasida TASS’ning suhbatdoshi G‘ani Afg‘onistonni pul to‘la vertolyotda tark etganini aytdi. BAA TIV Ashraf G‘ani va uning oilasi hozirda Abu-Dabida ekanliklarini tasdiqladi.
  • Xitoy TIV rasmiy vakili Chjao Litszyanning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat hukumati Afg‘onistonga yordam berishni to‘xtatmaydi. «Biz Afg‘onistonda tinchlikni tiklash harakatlariga o‘z hissamizni qo‘shishda davom etamiz va bu mamlakatga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini rag‘batlantirish uchun har tomonlama yordam ko‘rsatamiz», — dedi u.
  • Pokiston mintaqadagi va boshqa davlatlar bilan maslahatlashganidan so‘ng Afg‘onistondagi «Tolibon» hukumatini tan olishi mumkin. Bu haqda Pokiston axborot va radioeshittirish vaziri Chaudri Favada Husayn ma’lum qildi. «Biz turli davlatlar, jumladan, Turkiya va Xitoy bilan bunday muzokaralarni olib bormoqdamiz va mintaqa davlatlari va jahon derjavalari bilan keng qamrovli maslahatlashuvlardan so‘ng, Tolibon hokimiyatini o‘rnatishga qanday yondashish to‘g‘risida qaror qabul qilamiz», — dedi u.
  • Bir necha o‘nlab afg‘on qochqinlari Bishkekdagi BMT binosi oldida norozilik namoyishi o‘tkazib, ularga Qirg‘iziston fuqaroligini berishni yoki ularni AQSh yoki Kanadaga yuborishni talab qilishdi. «Biz Qirg‘izistonda qochqinlar mandati ostida yashayapmiz. Bu hujjat bilan ishga joylashish qiyin. Biz yoki Qirg‘iziston fuqaroligining berilishini, yoki bizlarni Kanada yohud Amerikaga yuborilishini xohlaymiz», — deydi miting ishtirokchisi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistondan kelgan ba’zi qochqinlar Qirg‘izistonda 18−20 yildan beri yashab kelishadi, lekin ularga hujjatlar berilmayapti. Namoyishchilar AQShning Qirg‘izistondagi elchixonasi oldida piketni davom ettirishni rejalashtirmoqdalar.

AQShda emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatlarni sotgan shaxs bir asrdan ko‘proq qamoq muddatiga hukm qilinishi mumkin

Chikagolik farmatsevt koronavirusga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatlarni sotgani uchun hibsga olindi. AQSh Adliya vazirligining ma’lum qilishicha, u har 12 ta ayblov uchun 10 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Ta’kidlanishicha, 34 yoshli Chjao Tantan shu yilning mart va aprel oylarida AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika federal markazining onlayn-maydonchasi orqali 125 ta sertifikatni sotgan. U har bir hujjatni 10 dollarga baholagan. Rasmiylar uni davlat mulkini o‘g‘irlashda ayblashmoqda. — TASS.


Shuningdek:

  • Gaitida sodir bo‘lgan zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 1941 nafarga yetdi, 9000 dan ortiq kishi jarohatlangan.
  • Kuchli yomg‘irlar tufayli Moskva aeroportlarida 70 dan ortiq reys kechiktirildi yoki bekor qilindi.
  • Mark Sukerbergning aytishicha, Facebook koronavirus haqida noto‘g‘ri ma’lumotga ega bo‘lgan 18 mlnta postni o‘chirib tashladi. Ijtimoiy tarmoq asoschisi bu yozuvlarni o‘chirishdan oldin ko‘rgan foydalanuvchilar sonini nomlay olmadi. «Agar biz o‘z platformamizda xavfli dezinformatsiyani ko‘rsak, uni o‘chirib tashlaymiz. Bu (noto‘g‘ri ma’lumot keltirish) bizning siyosatimizga ziddir», — ta’kidladi Sukerberg. Shu bilan birga, u bu sohada «xatolarga yo‘l qo‘yilganini» tan oldi.
  • Armaniston hukumati Tashqi razvedka xizmatini tuzish rejasini e’lon qildi. Bundan tashqari, respublika Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) shaxsan mamlakat bosh vaziriga bo‘ysuntiriladi.