Haftaning boshida salqin ob-havo saqlanib turadi. Bugun kunduz kuni harorat +28…+33 daraja, ertaga +30…+35 daraja atrofida bo‘ladi. Bu haqda O‘zgidromet xabar bermoqda.

18 avgustdan esa salqin havo massasi O‘zbekiston hududidan chekina boshlaydi va uning o‘rniga Eron hududlaridan nisbatan issiq ob-havo kirib keladi.

Havo harorati asta-sekin ko‘tariladi va haftaning oxiriga kelib, kechalari +18…+20 darajagacha, kunduz kunlari +36…+38 darajagacha ko‘tariladi.

Bunday harorat avgust oyining ikkinchi yarmi uchun bo‘lgan o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan +2…+3 darajaga yuqori bo‘ladi. Biroq shuni qayd etish joizki, ushbu davrda O‘zbekiston hududida eng issiq yillarda harorat +40…41 darajagacha, janubda esa +42…+44 darajagacha ko‘tarilgan.

Respublika bo‘yicha hafta davomida birozdan o‘rtachagacha bo‘lgan shamollar bilan quruq va asosan kam bulutli ob-havo saqlanib turadi.

Farg‘ona vodiysi viloyatlarining ayrim tog‘li hududlarida faqat bugun kechqurun momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.