2021 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda benzin narxi 17 foizga qimmatlashdi. Davlat statistika qo‘mitasi hisobotida bu haqda so‘z boradi.

Iyunda benzin respublika bo‘yicha o‘rtacha 2,5 foizga, propan esa 8,7 foizga qimmatlashdi.

2021 yil boshidan narxlarning sezilarli oshishi benzin (17,0%) hamda shaxsiy transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash xizmatlari (8,2%) narxlarida qayd etildi. Yillik nisbatda esa inflyatsion jarayonlar benzin (38.9%), shaxsiy transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash xizmatlari hamda havo transportida yo‘lovchi tashish xizmatlari (18,8%) narxlarida yaqqol namoyon bo‘ldi, deyiladi hisobotda.

O‘tgan yil oxirida Energetika vazirligi nima sababdan turli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzin turli narxlarda sotilayotgani, shuningdek, import benzin O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotganiga qaraganda arzonroq ekaniga izoh bergan edi.

2020 yil 1 maydan boshlab avtomobil benzini chakana narxlarining davlat tomonidan boshqarilishi bekor qilindi.

Oy boshida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev benzin narxining qimmatlashuvi iqtisodiyotning barcha sohalarida narxlar oshishiga sabab bo‘lishini ta’kidlagan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AI-91 benzini AYOQSHlarda bir litr uchun 7200 so‘mdan sotilishni boshlagan. Iyun oxirida ijtimoiy tarmoqlarda Ai-80 benzini 6000 so‘m, Ai-92 — 7400 so‘m, Ai-95 — 7800 so‘mga oshgani haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi.

Birjada AI-80 benzini yil boshidan beri (янvaрdan июлгача) tonnasi uchun 5,7 milliondan 6,9 million so‘mgacha (litri 4646 dan 5745 so‘mgacha), AI-91 — 6,7 milliondan 8, 2 million so‘mgacha (litri 5400 dan 6827 so‘mgacha), Ai-92 — 6,7 milliondan 8,3 million so‘mgacha, Ai-95 — 8,5 milliondan 9,6 million so‘mgacha (7200 dan 7570 so‘mgacha) qimmatlashdi.

U, shuningdek, «O‘zbekneftgaz» AJ Jizzax, Buxoro va Andijon viloyatlarida jami 185,7 milliard miqdoridagi neft mahsulotlari talon-toroj qilingani haqida xabar berganini eslab o‘tdi. Jumladan, Jizzax neft bazasida o‘rtacha qiymati 146 mlrd so‘m, Buxoro neft bazasida o‘rtacha qiymati 20,7 mlrd so‘m, Andijon neft bazasida o‘rtacha qiymati 19 mlrd so‘mlik neft maxsulotlari talon-taroj qilingan.

Parlamentariy huquqni muhofaza qilish organlaridan qonunbuzarlarga nisbaan qanday choralar ko‘rilganini so‘radi.