Yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston korxonalari tomonidan ofshor hududlarga to‘lovlarni amalga oshirgan holda 103 mln dollarlik mahsulot import qilindi. Bu eksport va investitsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha hukumat komissiyasining 7 maydagi 30-sonli bayonnomasidan kelib chiqadi (hujjat nusxasi Gazeta.uz da mavjud).

Masalan, «O‘zmontajmaxsusqurilish» AK tomonidan 12 mln dollarlik yarim tayyor temir mahsulotlarini import qilish uchun Gonkongga, «O‘zeltexsanoat» uyushmasi korxonalari (assotsiatsiya a’zolari ro‘yxati) tomonidan 5 mln dollarlik suyuq kristal modullar, xolodilniklar uchun kompressorlar, elevator va konveyerlar kabi mahsulotlarni import qilish uchun Gongkong, Kipr va Virgin orollariga, «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi korxonalari tomonidan 2 mln dollarlik qadoqlash mashinalari, neft va folga mahsulotlarini import qilish uchun Britan hududlari, Marshall va Virgin orollari, Gonkong, Gipraltar kabi ofshor hududlarga to‘lovlar amalga oshirilgan.

Hududiy korxonalar tomonidan ofshor hududlarga pul o‘tkazish orqali amalga oshirilgan import hajmlarining asosiy ulushi Toshkent shahri ($33 mln), Farg‘ona ($23 mln), Namangan ($6 mln) va Surxondaryo ($4 mln) viloyatlariga to‘g‘ri kelib, dori vositalari, maxsus texnikalar, asbob-uskunalar, neft mahsulotlarini import qilish uchun Gongkong, Kipr, Marshal va Bagam orollari, Britan hududlari, Malta, Gibraltar, Lixtenshteyn kabi ofshor hududlarga to‘lovlar amalga oshirilgan.

Hujjatda ta’kidlanishicha, «O‘zmontajmaxsusqurilish» AK, «O‘zeltexsanoat» va «O‘zsanoatqurilishmateriallari» rahbarlarining o‘rinbosarlari, shuningdek, Toshkent, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlari hokimlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatdagi kooperatsiyani kengaytirish bo‘yicha yordamchilari hisobot davrida ofshor hududlarga pul o‘tkazish orqali amalga oshirilgan import hajmlarining keskin oshib ketishiga yo‘l qo‘ygan. Agar ular birinchi yarim yillikda kamchiliklarni bartaraf etmasa, o‘z lavozimlaridan ozod etilishi haqida ogohlantirildi.

Davlat soliq qo‘mitasi va Markaziy bank bir hafta muddatda import shartnomalari bo‘yicha pul o‘tkazmalarini nazorat qilishni va ofshor hududlarga pul o‘tkazmalarini oldini olish maqsadida importni amalga oshirilishining ochiqlik, shaffoflik mexanizmlarini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga aniq taklif kiritishlari kerak.

2019 yilning noyabr oyida Davlat soliq qo‘mitasi valyuta chiqib ketishi va muddati o‘tgan debitor qarzdorlik o‘sishi shubhali ofshor hududlarga pul o‘tkazmalari yuborilishi bilan bog‘liq ekanligini ma’lum qilgan edi.

2020 yil oktyabr oyida DSQ va O‘zbekiston MB monitoring qilinishi kerak bo‘lgan valyuta operatsiyalari qilinadigan ofshor hududlar ro‘yxatini kengaytirgan edi.

Jahon tajribasida ofshor sxemalar

Yuqorida keltirilgan holatlarda ofshor hududlarga pul o‘tkazmalari qanday maqsadda yuborilganligi haqida ma’lumot berilmagan. Lekin jahon tajribasida ofshor hududli savdo sxemalaridan valyuta qonunchiligini aylanib o‘tish va daromad solig‘i hamda bilvosita soliqlarni (aksiz va bojxona to‘lovi) pasaytirish maqsadida foydalaniladi. Misol — o‘rtakash kompaniya bilan import qilish sxemasi. Xorijiy kompaniya rezident kompaniyaga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ravishda jahon bozoridagi narxlarda yetkazadi.

Sxemalarni qo‘llashdan maqsad qiyin yetkazib berish yo‘llaridan foydalanishda emas, balki pul aylanmalarining harakatini to‘g‘ri taqsimlashdir. Xorijiy kompaniya tovar uchun ofshor kompaniyaga to‘lovni soliq bandargohida amalga oshiradi. Bu mamlakatda xalqaro savdodan olingan daromad soliqqa tortilmaydi va kattaroq miqdorda bo‘ladi. Keyingi bosqichda ofshor kompaniya rezident import qiluvchi kompaniyaga tovarlar uchun to‘lovni amalga oshiradi.

Narx tartibga solinadi hamda bevosita soliqlar (daromad solig‘i) va bilvosita soliqlarga (QQS, bojxona to‘lovlari va aksiz) bo‘lgan xarajatlarni hisobga olgan holda belgilanadi. Narx soliq solish bazasiga ta’sir o‘tkazadi va bu sxemani qo‘llashdan maqsad soliqlarni kamaytirishdir. To‘g‘ri hisob-kitob qilinsa, import qiluvchi kamroq soliq to‘laydi.