Ruslan Nurudinov Osiyo chempionatida siltab ko‘tarish mashqida 241 kg toshni ko‘tarib jahon rekordini o‘rnatdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar bermoqda.

«Yunusobod sport majmuasi»da og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionatining erkaklar o‘rtasida -109 kg vazn toifasidagi bellashuvlari o‘z yakuniga yetdi. Unda o‘zbekistonlik Ruslan Nurudinov oltin, Akbar Jo‘rayev kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Siltab ko‘tarish mashqida oltin medal uchun ikki o‘zbekistonlik og‘ir atletikachi o‘zaro raqobat olib borishdi. Yakunda Ruslan Nurudinov 241 kg bilan Osiyo chempionligini qo‘lga kiritish bilan birgalikda yangi jahon rekordini o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Kumush medal Akbar Jo‘rayevga, bronza medali esa xitoylik Yang Chjega nasib etdi.