31 may kuni So‘x tumanida Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida «Chashma» bulog‘idan foydalanish yuzasidan kelib chiqqan nizo bo‘yicha 6 kishiga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Bu haqda Bosh prokuratura ma’lum qildi.

Rasmiy bayonotda qayd etilishicha, 31 may kuni So‘x tumani, Chashma qishlog‘ining Qirg‘izistonning Batken oblasti, Kadamjay rayoni, Chechme ayili bilan chegaradosh hududida joylashgan «Chashma» bulog‘i bo‘yida Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida buloqdan foydalanish yuzasidan kelib chiqqan nizo oqibatida ommaviy tartibsizliklar ro‘y bergan.

Ushbu nizoni bartaraf etish maqsadida So‘x tumani Chashma qishlog‘iga yetib borgan mahalliy hokimiyat vakillari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ hodimlariga tartibbuzarlar tomonidan faol qarshilik ko‘rsatilib, ularga turli darajada shikastlar yetkazilgan.

Mazkur holat bo‘yicha 1 iyun kuni Farg‘ona viloyat prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi.

Ta’kidlanishicha, tergov davomida 6 nafar shaxsga nisbatan JKning 219 va 244-moddalari bilan ayb e’lon qilinib, ularga «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

«Tergov harakatlari davom etmoqda». — deyiladi Bosh prokuraturaning bayonotida.

Bundan tashqari, 11 avgust kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudining yopiq majlisi bo‘lib o‘tgandi. «Ozodlik» radiosi tomonidan oshkor qilingan sud qaroriga ko‘ra (qarorning haqiqiyligi «Gazeta.uz» manbasi tomonidan tasdiqlangan), ayblanuvchilar orasida 23-yoshli Davlatjon Mallayev ham bor (ilgari sudlanmagan), u 10 avgust kuni soat 21:05 da huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan hibsga olingan.

Dastlabki tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Chashma bulog‘i bilan bog‘liq mojaroda chegara hududlarining 1000 aholisi ishtirok etgan.


Huquq-tartibot idoralari xodimlari Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevni toshbo‘rondan qalqon bilan himoya qilishmoqda. «Nastoyaeye vremya»ning videosidan kadr.

Sud ajrimida ta’kidlanishicha, ayblanuvchi «ushbu ommaviy tartibsizlikda faol ishtirok etib, turli ashyolar bilan qurollanib, ommaviy tartibsizliklarni oldini olmoqchi bo‘lgan, So‘x tumani Chashma qishlog‘iga yetib borib, o‘z xizmat vazifalarini bajarayotgan Farg‘ona viloyat hokimi Sh.G‘aniyev boshchilishidagi hukuqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga ham faol qarshilik ko‘rsatib, ularning o‘z vazifalarini bajarishdan voz kechishga urinib, zo‘rlik ishlatib, ularga va xizmat mashinalariga tosh otib, turli darajada shikast yetkazgan».

11 avgust kuni D.Mallayev JK 219-moddasi 2-qismi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish — uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi), 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar — o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan.

O‘zbekiston Oliy sudi «Gazeta.uz»ga Farg‘ona shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sud qaroriga izoh berishdan bosh tortdi. Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati ham vaziyatga izoh bermadi.

Sudya Jamshid Xo‘jaberdiyevning"Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish Jinoyat-protsessual kodeksining 243-moddasiga muvofiq yopiq majlislarda (faqat tomonlar ishtirok etadi).

Eslatib o‘tamiz, 1 iyun kuni yuz bergan nizoni bartaraf etish va Qirg‘iziston tomoni bilan mojaroni muhokama qilish uchun eksklav hududiga O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov yetib borib, mahalliy aholi bilan uchrashgan edi.

Shundan so‘ng vazirliklar va viloyat boshqarmalar rahbarlari So‘x tumanida bo‘lib, aholi muammolarini o‘rganish va hal qilish, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida manzilli chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqdi. Ushbu dasturni amalga oshirish uchun 1 trln so‘mga yaqin mablag‘ ajratilishi rejalashtirilishi haqida xabar berildi.