Yakshanba kuni O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yoqilg‘i quyish shoxobchalari soni yanada kamaydi. Bu haqda dushanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev ma’lum qildi. Juma va shanba kunlari bo‘yicha ma’lumot berilmadi.

Avtoyonilg‘i

17-fevral kuni kuchli shamol va qor yog‘ishi oqibatida Buxoro viloyatida 110 kV kuchlanishga ega “L-Gazli-1” hamda “L-Gazli-2” elektr uzatish tarmoqlarining avariyaviy o‘chishi oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom etmoqda. O‘shanda “Gazli” kompressor stansiyasidagi 8 ta, “Gazli” gazni qayta ishlash zavodining “Uchqir” kompressor stansiyasidagi 2 ta gaz haydash agregati favqulodda to‘xtagandi. 21-fevral kuni esa tashkilot liniyalardagi avariya oqibatlari to‘liq bartaraf etilganini ma’lum qildi. Energetika vazirligi 29-fevraldan boshlab hisobotlarida o‘chish oqibatlarini yana eslata boshladi.

Baxtsiz hodisa oqibatida AGTKSHlar faoliyatiga “qisqa muddatli” cheklovlar joriy etilgandi. Shu bilan birga, yoqilg‘i quyish shoxobchalariga benzin yetkazib berishni ko‘paytirish rejalari e’lon qilingan. 22-fevraldan boshlab yoqilg‘i quyish shoxobchalari faoliyatiga cheklovlar bosqichma-bosqich olib tashlana boshlagan, biroq ular saqlanib qolmoqda.

Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yakshanba kuni ish faoliyatidagi AGTKSHlar soni payshanbaga nisbatan deyarli ikki baravar kamaydi. 3-mart kuni jami 1517 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasidan 280 tasi ishlagan bo‘lsa, payshanba kuni bu ko‘rsatkich 550 tani tashkil etdi. AGTKSHlar orqali 2,57 million kub metr yoki 30,6 foiz kamroq gaz sotilgan — bu 20-fevraldan beri eng minimal ko‘rsatkich.

Suyultirilgan gaz savdosi 390 ming tonnani tashkil etdi, bu 29-fevraldagidan 45 foizga kam.

Energetika vazirligi faoliyat ko‘rsatayotgan AGTKSHlar ro‘yxati va ish jadvalini e’lon qilmayapti.

Vazirlik “aholi va iqtisodiyot tarmoqlari benzin hamda dizel yoqilg‘isi bilan mavjud ehtiyojni to‘liq qondiradigan hajmda ta’minlanayotganini” ma’lum qildi. Biroq, ayniqsa, Ai-80 benzini sotilayotgan ertalabki vaqtlarda yoqilg‘i quyish shoxobchalarida hamon uzun navbatlar kuzatilmoqda.

Xabarda yakshanba kuni yoqilg‘i quyish shoxobchalari qo‘shimcha 1165 tonna benzin olgani keltirilgan, ammo umumiy hajm ko‘rsatilmagan. Payshanba kuni jami 4313 tonna benzin yetkazib berilgani xabar qilingan.

Elektr energiyasi ta’minoti

3-mart kuni mamlakatda 237,1 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi, bu 29-fevraldagiga nisbatan 1,2 million kVt/soatga kam. Bu, shuningdek, Energetika vazirligi kunlik hisobot e’lon qila boshlagan 19-fevraldan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Issiqlik elektr stansiyalari tomonidan bir kunda 42,3 million kub metr tabiiy gaz, 20,4 ming tonna ko‘mir va 10,8 ming tonna mazut sarflangan.

Turkmanistondan elektr energiyasi importi 22,3 million kVt/soatdan 20,9 million kVt/soatgacha qisqargan, bu umumiy iste’molning (227,5 million kVt/soat) 9,2 foizini tashkil etadi.

Tig‘iz vaqtlarda elektr energiyasiga 960 MVtgacha cheklovlar joriy etildi, bu 18-fevraldan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir (bundan oldin maksimal cheklovlar 700 MVt edi). Cheklovlarni joriy etish ehtimoli 4-mart kuni ham saqlanib qoladi, deya ogohlantirdi vazirlik.

“Gaz bosimining past ekaniga qaramay”, 3-mart kuni uning iste’moli yuqori bo‘ldi, deb xabar qildi Energetika vazirligi, — 148,5 million kub metr, bu rejadagiga nisbatan 11 foizga ko‘p. Shu bilan birga, payshanba va chorshanba kunlariga nisbatan past (mos ravishda 150,8 va 154,7 million kub metr).

Elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgan taqdirda, iste’molchilardan 1154 qisqa raqamiga, shuningdek, 71−207−23−76 telefon raqami yoki Telegram`dagi (@het_admin) administratorga, gaz ta’minoti yuzasidan 1104, 104 qisqa raqamlariga, shuningdek, 71−202−11−04 telefon raqami yoki Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi maxsus guruhga hamda ko‘mir ta’minoti yuzasidan 78−148−30−03, 71−244−38−28 telefon raqamlariga murojaat qilish so‘raladi.

Noyabr oyi oxirida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov joriy qishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan energiya resurslari tanqisligini qanday qoplashni rejalashtirayotgani haqida gapirgandi. Jumladan, azutdan elektr ishlab chiqarish, yirik korxonalarni tungi ish rejimiga o‘tkazish, AGTKSHlarga gaz yetkazib berishni qisqartirish ko‘zda tutilgandi.

Avvalroq “Gazeta.uz” O‘zbekiston qanday qilib gaz eksport qiluvchi davlatdan sof importchi davlatga aylanib qolganini o‘rgangan edi.