UNG Petro yonilg‘i quyish shoxobchalarida Ai-80 benzinining narxi litri uchun 7 ming so‘mgacha ko‘tarildi. “Gazeta.uz”ga ushbu ma’lumotni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tasdiqladi.

26-fevraldan boshlab narxlar oshdi. Kompaniya yaqin orada buning sabablarini e’lon qilishini bildirdi.

1-yanvardan UNG Petro`da benzin 6800 so‘mdan sotilayotgandi. Shu kundan boshlab import qilinadigan va mahalliy Ai-80 benzini hamda uning chakana savdosiga nol aksiz solig‘i stavkasi bekor qilindi. 2022-yil 13-dekabrdan yonilg‘i quyish shoxobchalari faoliyatiga cheklovlar va benzinga talab ortishi munosabati bilan tarif nolga tushirilgandi. Keyinroq benzin 6800 so‘mdan 5700 so‘mga arzonlashdi. So‘ng narx 6050 so‘mgacha ko‘tarildi. Xususiy shoxobchalarda narx ancha yuqori bo‘ldi.

“Gazeta.uz” avvalroq yozganidek, o‘tgan yili Ai-80 benziniga aksiz solig‘i bekor qilingani sababli davlat budjeti 100 million dollar daromad yo‘qotgan, O‘zbekiston aholisi esa bu imtiyozdan deyarli hech qanday foyda ko‘rmagan. Energetika vazirligi asosiy foyda oluvchilar tadbirkorlar bo‘lganini tasdiqlagan.

Yanvar oyi oxirida prezident bosh vazirga 2025-yildan Ai-80 benzinidan butunlay voz kechish masalasini hal etish bo‘yicha topshiriq bergandi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov buni qanday amalga oshirish rejalashtirilayotgani haqida gapirgan.

Oxirgi bir oydan beri Toshkentdagi UNG Petro yonilg‘i quyish shoxobchasida Ai-80 benzini asosan ertalab sotilib, uni olishda uzun navbatlar yuzaga kelmoqda.