14−19-may kunlari o‘zbekistonlik kulol Shohrux Rahimovning grek ustasi Yannis Zois bilan hamkorlikda ishlangan asari Londondagi Cromwell Place san’at markazida hunarmandchilik haftaligi doirasida namoyish etiladi. Bu haqda Madaniyati va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati xabar berdi.

Hunarmandlar buddaviy ibodat marosimlariga oid g‘altaksimon shakllardan ilhomlanib tayyorlangan qo‘shma asar — monumental totemni taqdim etadi. Totem chinni va afrikancha yog‘ochdan yasalgan bo‘lib, 22 karatlik oltin bilan qoplangan. Asar islom me’morchiligi va qadimgi yunon an’analari chorrahasini aks ettiradi hamda Sharq va G‘arb madaniyatlari o‘rtasidagi o‘xshashlikni namoyish etadi.

Taniqli kulollar oilasi vakili Shohrux Rahimov Portugaliya va Gretsiyada tahsil olib, nufuzli Homo Faber Guide dasturiga qabul qilingan.

“Yarim yil davomida Homo Faber dasturida ishtirok etishdek noyob tajriba sharofati bilan biz yunon ustasi Yannis Zois bilan birga ko‘p mehnat qildik. Shu jumladan, men ilgari ishlamagan chinni moddasi va oltin kabi ashyolar bilan sinovlar o‘tkazdik. Ishlash texnikasi ham men o‘rgangan uslubardan farq qilar edi — biz yuqori haroratli olov bilan ishladik”, — dedi Shohrux Rahimov.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova jamg‘armalar o‘rtasidagi hamkorlik o‘zbek hunarmandchiligi amaliyotini jahon madaniy makoniga kiritishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning aprel oyida O‘zbekistonning 11 nafar hunarmandi jahonga mashhur Homo Faber ma’lumotnomasiga kiritilgandi. U Mikelanjelo jamg‘armasi tomonidan yaratilgan onlayn platforma bo‘lib, Yevropa va undan tashqarida hunarmandchilikning zamonaviy rivojlanishi bilan bog‘liq tajribalarni taqdim etadi.