Namangan viloyati Yangi Namangan tumanida 17 yoshli o‘quvchi boshqaruvida bo‘lgan Lacetti avtomobili yo‘l chetidagi talaba yigitlarni urib yubordi, deya xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 20-aprel kuni soat 18:40 atrofida 11-sinf o‘quvchisi tog‘asining nomida bo‘lgan Lacetti avtomashinasini tumanning “Yettinchi mingchinor” ko‘chasida boshqarib ketayotgan bo‘lgan. Shu paytda belgilangan tezlikni oshirib, tajribasizligi oqibatida yo‘lning qarama-qarshi qismiga o‘tib ketgan.

Haydovchi harakat xavfsizligini ta’minlay olmay yo‘l chetida turgan Namangan muhandislik-qurilish institutining 2 nafar xorazmlik talabasini urib yuborgan. Hodisa oqibatida yigitlardan biri yengil jarohat olgan. Biri esa ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramay shifoxonada vafot etgan.

йтҳ, talaba, o‘quvchi

“Biz do‘stimiz bilan gaplashib turgandik. Mashina tepadan tushib keldi, mashinani uyoqqa-buyoqqa o‘ynatdi, boshqaruvdan chiqib ketdi. Biz uni to‘g‘ri o‘tib ketadi deb o‘ylagandik. Qarab turganimizda trotuarga chiqdi va bizni urib ketdi, ulgurmadik qochishga. Do‘stimizning orqasidan kelib urdi, orqa tarafi menga tegdi, keyin tepamdan o‘chib o‘tib, borib ustunga urildi”, — dedi hodisa joyida bo‘lgan yigitlardan biri.

Yana bir voqea ishtirokchisining so‘zlariga ko‘ra, mashina marhumdan keyin o‘sha yerda bo‘lgan 3 yigitni ham birvarakayiga urib yuborgan. Ularga jarohat yetmagan, biroz yelka va oyoq og‘rig‘i kuzatilgan.

“O‘quvchi o‘qiyotgan 57-maktabda muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda hodisa sababchisi va uning onasining sinfdoshlari, ustozlari va mahalla oqsoqollari oldida boshi yerga qadaldi”, — deyiladi xabarda.

йтҳ, talaba, o‘quvchi

“Telefon orqali xabarni eshitib, shokka tushib qoldim. Halokat joyiga qanday yetib kelganimni ham bilmayman. Farzandimning mashina haydashidan, berkitib mashina minib kelishidan xabarim yo‘q edi. Mashina ukamniki edi. Bilmaganmiz, berkitib minib chiqib ketgan ekan. O‘sha paytda uyda edim, u dars qilayotgandi. Keyin birdaniga yo‘q bo‘lib qoldi. Bolam uchun jabrlangan bolalardan kechirim so‘rayman. Ozgina e’tiborsiz qoldiribman. Hamma ota-onalardan iltimosim — bolalarini nazoratsiz qoldirishmasin. Shunday avtohalokatlar, birovning uyida motam bo‘lishini hech kimga ravo ko‘rmayman”, — dedi haydovchi yigitning onasi.

“Afsusdamiz, boshqa qaytarilmaydi”, — dedi haydovchi o‘quvchi.

Avvalroq Navoiy viloyatida maktab o‘quvchisi boshqaruvidagi Matiz YTHga uchragani, oqibatda ikki bola halok bo‘lgani xabar qilingandi. Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida esa yuqori tezlikda harakatlangan Gentra haydovchisi yo‘l chetidagi ikki o‘quvchini urib yuborgandi. YTH oqibatida bolalar vafot etgan, shuningdek, mashina urib ketgan qoramol ham nobud bo‘lgan.