Toshkent shahrining Chilonzor tumani Bunyodkor shohko‘chasida stretch plyonkalarga o‘ralgan holda piyodalar o‘tish joyidan o‘tgan yigitlarga chora ko‘rildi. Bu haqda Milliy telekanalining Millar dasturida ma’lum qilindi.

2004-yilda tug‘ilgan 3 yigitning so‘zlariga ko‘ra, ular buni shart bajarish sifatida bajargan. Shartga ko‘ra, yigitlar odam gavjum joydan tanasini butunlay o‘ragan holda o‘tishga kelishgan. Shuningdek, internetga joylash orqali tanilish maqsad qilingan.

йўл harакати хавфсизлиги, 10 сутка qamoq

“Men shu shartni menga bergin, deb iltimos qilganman. Bilardim, maqsad tanilish, shu orqali internetga chiqib ketish edi. Yashil [chiroq]da tez o‘tib olaman degandim”, — deydi yigitlardan biri.

“Men boshidan oxirigacha video olib turganman. Stretchga o‘ralganidan keyin yerga yotgan. Men orqasidan video olganman. Keyin YPX xodimlari keldi”, — deydi yana bir yigit.

“Stretchga o‘ralib yotishim, dumalab o‘tishim kerak edi. Chilonzorda „probka“ ko‘p hozir, o‘ta olmaysan desam, yo‘q, o‘tamiz, dedi. Keyin rozi bo‘ldim”, — deya holatni tushuntirdi yo‘ldan shu taxlit o‘tgan yigitlardan biri.

O‘z navbatida, yigitlarning otalaridan biri farzandining bu ishidan pushaymon ekani, endilikdan uni qattiq nazoratga olishini bildirdi. Yana bir ota yerga yotib, o‘zini xo‘rlagancha video olish, bu orqali mashhur bo‘lishga qarshi ekani va buni o‘g‘liga ham tushuntirganini ta’kidladi hamda uzr so‘radi.

Holat yuzasidan Chilonzor tumani IIB tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183- (Mayda bezorilik) va 194-modda (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik)lari bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan va tuman sudiga yuborilgan.

Hukmga ko‘ra, yigitlar MJTKning 183- va 194-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topildi va ularning har biriga 10 sutkadan qamoq jazosi tayinlandi.