15-fevral kuni tushdan keyin Rossiyaning Ukraina bilan chegaradagi Belgorod shahri o‘qqa tutildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, besh kishi, jumladan, bir nafar bola halok bo‘lgan, yana 18 kishi jarohatlangan, dedi Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shahardagi bir nechta xususiy va ko‘p qavatli uylarda “turli vayronagarchiliklar” aniqlangan. Yana bitta do‘kon ham shikastlangan. RIA Novosti nashrining yozishicha, hujum oqibatida savdo markazi jiddiy zarar ko‘rgan.

“Tezkor xizmatlar joylardagi oqibatlar haqida ma’lumotga aniqlik kiritmoqda”, — deb yozdi Gladkov.

Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, taxminan soat 12:30 da “Kiyev rejimining” RM-70 Vampire ko‘p uchli raketa tizimidan foydalangan holda “terrorchilik hujumi uyushtirishga urinishi bartaraf etilgan”. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa tizimlari Belgorod viloyati hududida 14 ta raketani yo‘q qilgan.

Ukraina Belgorodga berilgan zarbaga hali rasman izoh bermadi.

Belgorod o‘qqa tutilishidan oldin Rossiya Ukrainaga yirik raketa hujumi uyushtirgandi, deb ta’kidladi BBC rus xizmati. 15-fevral kuni ertalab Xarkov, Lvov va Zaporoje viloyatlarida portlashlar yuz bergan. Ukraina Harbiy havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, jami 26 ta raketa uchirilgan, ulardan 13 tasi urib tushirilgan.