Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani hokimi lavozimiga Jamshid Rafiqjon o‘g‘li Bozorboyev tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Bozorboyev 1990-yilda Izboskan tumanida tug‘ilgan. 2015-yilda Andijon qishloq xo‘jalik institutini tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida tuman hokimligi, Andijon viloyati “Suvoqava” DUK, “Toza hudud” DUK, Ekologiya va atrof muhitni muxofaza qilish, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmalarida bosh mutaxassis, bo‘lim boshlig‘i, rahbar o‘rinbosari va rahbar lavozimlarida ishlagan.

Ushbu lavozimga tayinlanguniga qadar Andijon viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Eslatib o‘tamiz, 7-fevral kuni tumanga Akmaljon Mirzaolimov hokim vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangandi. 2022-yil fevralidan beri tumanni boshqarib kelgan O‘tkirbek Shukurov esa sog‘lig‘ida muammo bo‘lgani uchun lavozimidan olingan.

Bugun, shuningdek, Andijon viloyatining Oltinko‘l tumaniga ham hokim tayinlandi, Otavullaxon Rasulov hududning yangi rahbari bo‘ldi.