29-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash, ularning yerto‘lalarini ijaraga berish ham muhokama qilindi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning sahifasida xabar berildi.

Hozirda ko‘p qavatli uylardagi 2 mingta yerto‘la tadbirkorlarga ijaraga berilmasdan, bo‘sh yotibdi. Vaholanki, bu orqali mahallalarda 20 mingta ish o‘rni yaratish va ijaradan yiliga 150−200 milliard so‘m qo‘shimcha daromad topish mumkin, deyildi yig‘ilishda.

Endi ko‘p qavatli uylar yerto‘lasi va bo‘sh joylarini ijaraga berishni yangi tartibi joriy qilinadi.

Bunda yerto‘la va bo‘sh maydonlar haqida ma’lumotlar raqamlashtirilib, “Mening uyim” tizimiga bog‘lanadi hamda aholi va tashabbuskorlarga ochiq e’lon qilinadi. Shuningdek, ijara to‘lovlari faqat “Mening uyim” platformasi orqali hisob-kitob qilinadi va aholi uchun ochiq bo‘ladi.

Bundan tashqari, kompleks rahbariyatiga avariya holatidagi uylarni renovatsiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, qurilish, transport va ekologiya sohalari bo‘yicha hukumat kompleksi rahbariyatiga (rahbari Achilbay Ramatov, rasmda) eskirgan uy-joylarni ta’mirlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqishni topshirdi.

O‘sha yig‘ilishda prezident uy-joy boshqaruvi kompaniyalari faoliyati ko‘p hollarda qoniqarli emasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 20 ming ko‘p qavatli uy aholisi ularning ishlaridan norozi.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil aprel oyida prezident ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalarini inventarizatsiya qilish va ularni tadbirkorlik faoliyati uchun ajratishni boshlash to‘g‘risida topshiriq bergandi. O‘sha yilning oxiriga qadar Toshkent shahrida xizmat ko‘rsatish va servis sohasida 415 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan, shundan qariyb 10 mingtasi uylarning birinchi qavatlari va yerto‘lalarida ijaraga berish hisobiga tashkil etilishi ma’lum bo‘lgan.

O‘sha yilning oktabr oyida hukumat ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalarini tadbirkorlik faoliyati uchun ajratish qoidalarini tasdiqlagandi. Yerto‘lalarda do‘konlar, kiosklar, sartaroshxonalar, kafelar va boshqa maqsadlarda foydalanish mumkin. Ular faqat binodagi kvartiralarning egalarining roziligi bilan ajratilishi kerak.